O‘zbekistonning Shri-Lankadagi ilk elchisi tayinlandi

Alisher To‘xtayev O‘zbekistonning Shri-Lankadagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida tayinlandi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, yangi elchi ushbu mamlakat davlat protokoli rahbari Rohana Ambagollaga ishonch yorlig‘i nusxalarini topshirdi.
Uchrashuv avvalida Rohana Ambagolla O‘zbekiston rahbariyatiga Shri-Lankada ilk elchisini tayinlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Unga ko‘ra, bu qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda muhim siyosiy qaror bo‘lib, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.
Shuningdek, Shri-Lanka rasmiysi Alisher To‘xtayevning Kolombodagi faoliyati barcha yo‘nalishda samarali ish yuritish uchun asos bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Bundan tashqari, mazkur uchrashuvda hozirgi ikki tomonlama savdo hajmi qoniqarsiz ekani aytildi va yaqin yillarda uni $50 millionga yetkazish bo‘yicha aniq choralar ko‘riladigan bo‘ldi.
Shuningdek, eksport-importni oshirish, transport va logistika bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish hamda onlayn platformalar va dasturlarni yaratish yuzasidan ham fikr almashildi.
Bundan oldin Ukraina elchisi Oʻzbekistondagi missiyasini tugatgani haqida yozgandik.