Qashqadaryoda qalbaki dori tayyorlayotgan yashirin ustaxona aniqlandi

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi bir xonadonda noqonuniy ravishda qalbaki dori vositalari ishlab chiqarayotgan yashirin ustaxona aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va bojxona xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Xiyobon mahallasida yashovchi fuqaroning uyida sifati kafolatlanmagan, kelib chiqishi noma’lum dori vositalariga qalbaki yorliqlar yopishtirilib, ularni dorixonalar orqali sotishga tayyorlanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruv davomida 709 mln so‘mlik 2391 dona turli dori, ularni qadoqlash uchun mo‘ljallangan qutilar va qalbaki etiketkalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon va Toshkentda kuchli dori vositalari savdosiga chek qo‘yilgan edi.