
Redmi 15 5G smartfoni haqida yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi. Bu haqda GSMArena xabar bermoqda. Ushbu budjet toifasidagi smartfon sezilarli yangiliklarga ega.
Yangi model 6,9 dyuymli katta ekran bilan jihozlanadi. Ekran aniqligi Full HD+ bo‘lib, tasvirni yanada tiniq qiladi. Bundan tashqari, ekran yangilanish tezligi 144 Hz bo‘ladi. Bu uni o‘yinlar uchun qulay qiladi.
Smartfon Snapdragon 6s Gen 3 protsessori asosida ishlaydi. Bu avvalgi modellardagi Snapdragon 4 seriyasidan ancha kuchli. Qurilma 8 GB tezkor xotira va 256 GB doimiy xotiraga ega.
Redmi 15 5G 7000 mA·soat sig‘imli katta akkumulyator bilan ta’minlangan. Kompaniya bu modelni «Bitta quvvat – ikki kun – muammosiz» shiori bilan reklama qilmoqda. Qurilmani 33 Vt quvvatda tez zaryadlash mumkin.
Kameralariga kelsak, asosiy kamera 50 + 2 megapiksel, old kamera esa 8 MP. Qurilmada NFC funksiyasi ham mavjud. Redmi 15 5G’ning narxi taxminan $165–$180 atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Redmi Turbo 5 kuchli chip va katta akkumulyator bilan taqdim etilishi haqida yozgan edi.