Rossiyada migrantlarni fuqarolikdan chiqarish bo‘yicha yangi taklif bildirildi

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (RLDP) deputatlari narkotik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun migrantlarni Rossiya fuqaroligidan mahrum qilish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda partiya yetakchisi Leonid Slutskiy ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.
«Bu loyiha narkotik bilan bog‘liq har qanday jinoyat uchun sudlangan migrantlarga Rossiyaga kirishni abadiy taqiqlaydi. Sudlanganlik holati tugallanganmi yoki yo‘qmi – bu muhim emas. Agar kimdir biror vaqt narkotik iste’mol qilgan, saqlagan, sotgan yoki kuryerlik qilgan bo‘lsa, u uchun Rossiya yo‘li yopiladi. Giyohvand moddalar migratsiya qonunchiligidagi bo‘shliqlar sabab mamlakatimizga kirib kelmoqda. Natijada esa bundan farzandlarimiz aziyat chekmoqda. Men ko‘plab mintaqalardan rus maktab o‘quvchilarini kuryerlikka yollash, voyaga yetmaganlarni «zakladchik» qilish, sintetikaga moslashtirish kabi yuzlab voqealarni bilaman», – deydi Slutskiy.
Bundan tashqari, davlat dumasi deputatlari fuqarolikni bekor qilish asoslari ro‘yxatini kengaytirish haqidagi qonunni qabul qilgan. Endi bu jazo voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, badanga og‘ir tarzda shikast yetkazish yoki ehtiyotsizlik tufayli jabrlanuvchining o‘limiga olib kelgan jinoyatlar uchun qo‘llanadi.
Bundan tashqari, ro‘yxatga terrorchilik faoliyatiga chaqirish, terrorizmni oqlash yoki targ‘ib qilish ham kiritilgan. Shuningdek, Rossiya axborot tizimlariga noqonuniy ta’sir o‘tkazish va chet davlat bilan Rossiya xavfsizligiga qarshi hamkorlik qilish hollari ham bu ro‘yxatga kiradi. Dushmanga yordam berish yoki davlat xavfsizligiga qarshi harakatlarga chaqirganlar ham jazolanadi.
Avvalroq Rossiyada rus tilini bilmagan migrantlarga haydovchi va shifokorlik qilish taqiqlanishi mumkinligi haqida yozgandik.
Bu haqda Rossiya mehnat va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari Andrey Pudov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, haydovchi, sotuvchi va tibbiyot xodimi lavozimlariga jalb etiladigan migrantlar rus tili va Rossiya tarixidan imtihon topshirish majburiyatidan ozod etilmasligi belgilandi.
Bundan oldin Davlat dumasi deputatlari umumiy majlisda hukumat kvotasi asosida Rossiyada ishlayotgan migrantlarni rus tili va Rossiya tarixi bo‘yicha test topshirish talabidan ozod etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilgan edi. Duma spikeri Vyacheslav Volodin esa Ichki ishlar vazirligiga Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligining hukumat kvotasi asosida Rossiyaga taklif etiladigan kasblar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.