SOCAR va «O‘zbekneftgaz» Ustyurtda neft qazib olish bo‘yicha bitim imzoladi

Bugun, 24-iyul kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi, Ozarbayjonning davlat neft kompaniyasi SOCAR va «O‘zbekneftgaz» AJ o‘rtasida mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.
Ushbu bitim Ustyurt neft-gaz hududidagi investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlari va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutadi.




Bitimga ko‘ra, kamida ming kvadrat kilometr maydonda 3D seysmik qidiruv ishlari amalga oshiriladi va natijalarga asosan bitta quduqda geologiya-qidiruv ishlari boshlanadi.
Sanoat miqyosidagi uglevodorod zaxiralari topilsa, tomonlar ularni o‘zlashtirish va qazib olish ishlarini boshlaydi.
Mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitimga (MTB) koʻra, investor neft-gazni izlash, qazib olish va oʻzlashtirish ishlarini bajaradi. Shuningdek, u sarflagan xarajatlarini qazib olingan resurslarning bir qismi hisobidan qoplaydi, qolgan foyda esa davlat va investor oʻrtasida kelishilgan ulushda boʻlinadi.
Bundan oldin O‘zbekiston va SOCAR Ustyurtda neft qazib olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandik.
Prezident ma’sullarga ushbu kelishuv asosida amalga oshiriladigan ishlarni jadallashtirish, ularni oylar kesimida va 2025-yil yakunigacha, bundan tashqari, keyingi yillarda ham qilinadigan vazifalarni belgilash bo‘yicha topshiriq bergan.