Surgil konida gaz siquv stansiyasi qurilishi yakunlandi

eʼlon qilindi
Yillik quvvati 1,8 mlrd metr kub gazni siqishga mo‘ljallangan
Surgil konida gaz stansiyasi qurilishi yakunlandi / Foto: Enter Engineering

Qoraqalpog‘istonda joylashgan «Surgil» siquv kompressor stansiyasini (SKS) qurish loyihasining umumiy qurilish va montaj ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu haqda Enter Engineering matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Stansiya Surgil konidan olinayotgan tabiiy gaz bosimini oshirib, uni qayta ishlash uchun Ustyurt gaz-kimyo majmuasiga yuborishga xizmat qiladi. Bu yerda gaz tarkibidan ajratilgan qimmatbaho komponentlar asosida polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Yillik quvvati 1,8 mlrd metr kub gazni siqishga mo‘ljallangan mazkur stansiyada kuniga 4,8 mln metr kub gaz haydaladi. Stansiya tarkibiga Baker Hughes kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ikkita parallel ishlaydigan gaz haydash agregati kiritilgan.

Foto: Enter Engineering

Hozirda gaz haydash agregatlarini ishga tushirish va sozlash ishlari olib borilmoqda. Stansiyaning ishga tushirilishi Surgil konida gaz qazib olish hajmini oshirish, shuningdek, Ustyurt GKMga gaz yetkazib berish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun mustahkam xomashyo bazasini yaratadi.

Bundan tashqari, yangi quvvatlar past bosimli gazni siqish orqali boshqa konlarda ham gaz qazib olish ko‘rsatkichlarini oshirish imkonini beradi. Loyiha nafaqat strategik, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega bo‘lib, aholi va korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va mintaqaviy iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi 3,1 foizga kamaygani haqida yozgan edi.

Shuningdek