Telegram Wallet yil oxirigacha O‘zbekistonda paydo bo‘ladi — Tobias Luis

Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi kripto faoliyatni taqdim etuvchi Telegram Wallet (telegram hamyon) joriy yil oxiriga qadar rasman O‘zbekistonga kirib keladi. Bu haqda kompaniyaning biznes va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha direktori Tobias Luis «Crypto O2» kripto forumida ma’lum qildi.
Kursiv Uzbekistan muxbirining ma’lum qilishicha, Tobias yaqin orada mamlakatda ofis ochilishini ham qo’shimcha qilgan. U, shuningdek, bir qator platformalarda avvalroq kompaniya O‘zbekiston uchun boshqaruvchi rahbar lavozimiga ish o‘rni ochilgani va kerakli nomzod qabul qilinganini alohida ta‘kidladi.
«Telegram Wallet O‘zbekistondagi telegram foydalanuvchilari ko‘pligi va ularning hamyonga bo‘lgan talablarining ortishi tufayli shunday qarorga keldi,— dedi Tobias Luis»
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «TGhamyon» MCHJ kripto-depozitariy faoliyati uchun litsenziya olgani haqida xabar bergan edi.
«TGhamyon» MChJga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida kripto-depozitariy faoliyatini yuritish uchun rasmiy litsenziya berildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.
Mazkur kompaniya Telegram messenjeridagi «Wallet» servisining egasi – «Wallet Global Ventures Limited» tomonidan tashkil etilgan.
Litsenziya to‘g‘risidagi ma’lumotlar agentlikning elektron reyestriga kiritilib, rasmiy veb-sahifada e’lon qilingan.
Eslatib oʻtamiz, Wallet kripto hamyon platformasi Telegram messenjerida 2023-yilda ishga tushirilgan. Shuningdek, Wallet kriptovalyuta bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beruvchi p2p platformasiga ega. Bundan tashqari, platforma TON blokcheyniga asoslangan.