Uchinchi raund: Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar qanday o‘tdi

eʼlon qilindi
Uchinchi bosqich jarayoni davom ettirilmasligiga kelishildi
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar qanday o‘tdi. Foto: Muammer Tan/Turkish Foreign Ministry/AP

23-iyul kuni Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasidagi bevosita muzokaralarning uchinchi bosqichi Istanbulda bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida tomonlar nafaqat harbiylar, balki tinch aholi vakillarini ham almashish masalasida kelishuvga erishganini ma’lum qilgan. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

Muzokaralar qanday o‘tdi

Uchrashuv Istanbuldagi Chirag‘an saroyida to‘liq tarkibda boshlandi va taxminan 40 daqiqa davom etdi. TRT Haber telekanali ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki reja bo‘yicha muzokaralar soat Turkiya vaqti bilan 19:00 da boshlanishi kerak edi, ammo ular bir soatdan ko‘proqqa kechikkan. Muzokaralar rus tilida olib borildi.

Uchrashuv oldidan Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy va Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov o‘zaro tet-a-tet (fransuzcha yolg‘iz, yuzma-yuz) uchrashuv o‘tkazishdi.

Kelishuvlar

TASS xabariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina harbiylar bilan bir qatorda oddiy fuqarolarni ham almashishga rozi bo‘lishdi. Shu bilan birga, uchinchi bosqich jarayoni davom ettirilmasligiga kelishildi. Navbatdagi to‘rtinchi bosqich faqat erishilgan yangi kelishuvlar amalga oshirilganidan so‘ng rejalashtiriladi.

Nimalar muhokama qilindi

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, tomonlar o‘zaro almashilgan tinchlik bo‘yicha memorandum loyihalarini ko‘rib chiqishdi. Bundan tashqari, harbiy asirlar va halok bo‘lganlarni almashish masalalari ham muhokama etildi.

Oldingi uchrashuvlar

  • Birinchi bosqich shu yilning 16-may kuni Istanbulda o‘tkazilgan. «1000 ga 1000» formulasiga ko‘ra harbiy asirlarni almashish hamda tinchlik bo‘yicha memorandumlar tayyorlashga kelishilgan.
  • Ikkinchi bosqich 2-iyun kuni bo‘lib o‘tgan. Tomonlar jarohatlangan asirlar hamda halok bo‘lganlarni almashishga rozi bo‘lishgan.

Delegatsiyalar tarkibi

Rossiya delegatsiyasida 4 nafar asosiy a’zo va 4 nafar ekspert bo‘lgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Ukraina delegatsiyasi tarkibini 12 nafardan 14 nafarga kengaytirgan. Yangi a’zolar qatorida Ombudsman vakili va Bosh shtab vakili ham bo‘lgan. Rossiya delegatsiyasiga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy, Ukraina tomonidan esa Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov rahbarlik qilgan.

Uchinchi raunddan avval Ukraina delegatsiyasi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, uning maslahatchisi Akif Chag‘atay Kilich va tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan bilan Anqarada uchrashuvlar o‘tkazgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ushbu muzokaralar 23-iyul kuni o‘tkazilishi haqida yozgandi.

Shuningdek