Xitoy va Yevropa Ittifoqi iqtisodiy jihatdan yaqinlashmoqda

eʼlon qilindi
Uchrashuvda asosiy e’tibor savdo masalalari va Ukraina urushiga qaratilgan
Xitoy va Yevropa Ittifoqi iqtisodiy jihatdan yaqinlashmoqda / Foto: NBC News

Xitoy rahbari Si Szinpin Pekinda o‘tgan YI rasmiylari bilan uchrashuvda Yevropa bilan munosabatlardagi ziddiyatlarni hal qilish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Uchrashuvda asosiy e’tibor savdo masalalari va Ukraina urushiga qaratilgan.

Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshtani qabul qilgan Si Szinpin Yevropani ochiq hamkorlikka chaqirdi. Unga ko‘ra, bo‘linish va ajralish strategiyasi faqat yakkalanishga olib keladi. Xitoy yetakchisi Yevropani iqtisodiy cheklovlar qo‘llamaslikka va savdo-investitsiya bozorini ochiq saqlashga undadi.

Von der Lyayen esa savdo muvozanatini tiklash zarurligini bildirgan. Unga ko‘ra, Yevropa va Xitoy o‘rtasidagi savdo aloqalari burilish nuqtasiga yetgan.

Uchrashuv fonida YI tomonidan Xitoy elektromobillariga nisbatan cheklovlar, shuningdek, Xitoyning sanoat quvvatiga doir tanqidlar muhokama qilindi. Shuningdek, Yevropa tomoni Xitoyning noyob yer metallar eksportiga cheklovlari haqida xavotir bildirdi.

Shunga qaramay, iyun oyida Xitoydan YIga eksport qilingan magnit materiallar hajmi may oyiga nisbatan 245 foizga oshgan. Biroq bu o‘tgan yilgi darajadan 35 foizga kamroq.

Uchrashuv oxirida tomonlar iqlim masalasida umumiy bayonotga kelishishga umid bildirishdi. Bu hozircha ikki tomonlama aloqalardagi kam sonli ijobiy yo‘nalishlardan biridir.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yevroittifoq AQSh mahsulotlariga 30 foizlik boj joriy etmoqchiligi haqida yozgan edi.

Yangi choralar AQShning Yevropaga eksportining taxminan uchdan bir qismini qamrab oladi. Rejaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi hozirda belgilangan 21 milliard yevro (taxminan $24,78 milliard) hajmidagi bojni saqlab qoladi.

Shuningdek, qo‘shimcha 72 milliard yevro ($84,96 milliard) turadigan mahsulotlar ro‘yxatini ham kiritadi. Shu tariqa umumiy qiymati taxminan 100 milliard yevro ($118 milliard) bo‘lgan AQSh mahsulotlariga 30 foizlik boj joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu AQShning Yevropa Ittifoqiga yiliga eksport qiladigan 335 milliard yevro ($395,3 milliard) hajmidagi mahsulotlarining qariyb uchdan bir qismiga teng.

Shuningdek