Yevroittifoq AQSh mahsulotlariga 30 foizlik boj joriy etmoqchi

Yevropa Ittifoqi Vashington tomonidan joriy etilishi mumkin bo‘lgan 30 foizlik tariflarga javoban AQSh mahsulotlariga 30 foiz boj qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Yangi choralar AQShning Yevropaga eksportining taxminan uchdan bir qismini qamrab oladi. Rejaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi hozirda belgilangan 21 milliard yevro (taxminan $24,78 milliard) hajmidagi bojni saqlab qoladi.
Shuningdek, qo‘shimcha 72 milliard yevro ($84,96 milliard) turadigan mahsulotlar ro‘yxatini ham kiritadi. Shu tariqa umumiy qiymati taxminan 100 milliard yevro ($118 milliard) bo‘lgan AQSh mahsulotlariga 30 foizlik boj joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu AQShning Yevropa Ittifoqiga yiliga eksport qiladigan 335 milliard yevro ($395,3 milliard) hajmidagi mahsulotlarining qariyb uchdan bir qismiga teng.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, boj solinadigan asosiy mahsulotlarga Boeing samolyotlari, avtomobillar va burbon ichimligi kiradi. Agar AQSh shu oy prezident Donald Trampning va’dasiga binoan Yevropa mamlakatlaridan keladigan mahsulotlarga 30 foiz boj joriy etsa, tariflar 1-avgustdan kuchga kirishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi tarkibidagi davlatlar, jumladan, Germaniya, 2023-yilda qabul qilingan iqtisodiy bosimga qarshi choralar doirasida ham javob qaytarish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu mexanizm AQShning texnologik gigantlariga soliq solish, AQSh bozoriga investitsiyani cheklash va Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishga taqiq qo‘yish kabi choralarni o‘z ichiga oladi.
Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning aksariyati Vashington bilan muzokaralarni davom ettirib, avgustdagi hal qiluvchi muddatgacha inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilish niyatida.
Ta’kidlash joizki, 23-iyul kuni AQSh va Yaponiya yangi savdo kelishuviga erishgan edi. Unga ko‘ra, AQSh yapon mahsulotlariga 25% o‘rniga 15% boj joriy qiladigan bo‘lsa, Yaponiya AQShga $550 milliard sarmoya kiritib, o‘z bozorini amerikalik avtomobillar, guruch va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ochishga kelishib oldi.
Bundan avval Tramp global importga 15 – 20% yangi boj tariflarini joriy qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandik.