2025-yilda qanday kelinlik liboslari urfda

25-iyul 2025 07:00 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Muxbir h.muxtorova@kursiv.media
2025-yilda qanday kelinlik liboslari urfda / Foto: Sun’iy intellekt

2025-yil may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Visa Fashion Week Tashkent Pre-Fall 2025 modalar haftaligida ko‘plab o‘zbek dizaynerlari o‘zlarining yangi, yozgi kelinlik to‘plamlarini taqdim etdilar. Ushbu to‘plamlarda to‘y liboslari yengil atlas va organza matolardan tikilgan A-line, ball-gown, grekcha yelkali ko‘rinishda namoyon etildi. Kursiv nashri shu mavsumning asosiy tendensiyalari bilan tanishtiradi.

Foto: Sun’iy intellekt

Bu mavsumda o‘zbek kelinlarining libos tanlovi yanada murakkablashdi. Unda nafaqat go‘zallik, balki madaniy meros, shaxsiy individuallik va iqlim qulayligi ham inobatga olinmoqda. Milliy naqshlar bilan bezatilgan dizaynlar zamonaviy tikuv texnologiyalari va g‘arbcha siluetlar bilan uyg‘unlashgan holda sahnaga chiqmoqda.

2025-yilda kelinlik obrazi uchun urfdagi tendensiyalar:

A-Line siluetidagi liboslar

Foto: Milady

A-line silueti beldan pastga qarab asta-sekin kengayib boradigan, «A» harfiga o‘xshash shaklga ega kelinlik libosidir. Bu model tanani vizual uzun ko‘rsatadi. Belni nozik, pastki qismni esa yumshoq va oqimli ko‘rsatadi. Klassik, nafis va deyarli barcha tana tuzilmasiga mos keladigan eng universal variantlardan biridir.

Foto: Sun’iy intellekt

A-line silueti deyarli barcha tana tuzilmalari uchun mos keladi. Ayniqsa, belni nozik, sonni esa yumshoq ko‘rsatgani uchun ideal. Bo‘yi baland yoki o‘rtacha bo‘lgan kelinlar bu libosda vizual cho‘zilgan ko‘rinadi. Qorin yoki son qismidan uyaladiganlar uchun ham yaxshi tanlov.

Ammo juda past bo‘yli kelinlar uchun A-line noto‘g‘ri tanlansa, tana qisqaroq ko‘rinishi mumkin. Juda keng yelkali ayollarga esa yuqori qismi yelkani yumshatadigan detallar bilan tanlash tavsiya etiladi. Umuman olganda, A-line silueti klassik, nafis va qulay hisoblanadi.

Foto: Shadozi

Ball-gown – shohona siluetli libos

Ball-gown (shohona) siluetidagi liboslar o‘zining yuqori qismi tanaga yopishgan. Beldan pastga esa keng yoyilgan yubkasi bilan mashhur. Bunday shakl son va oyoqlarni yopib, mukammal siluet hosil qiladi va nafislik bilan jozibadorlikni birlashtiradi. Ushbu o‘ziga xos «malikaga o‘xshash» ko‘rinish har qanday tana tuzilishiga ega kelin uchun mos tushadi va uni yanada go‘zal ko‘rsatadi.

Foto: Sun’iy intellekt

Ball-gown silueti belni nozik ko‘rsatib, pastki qismni to‘liq yopadi, shu bois qorin, son yoki oyoq qismlaridan uyaladigan ayollar uchun mos. Ayniqsa, baland bo‘yli, klassik uslubni yoqtiradigan kelinlarga tavsiya etiladi. Biroq past bo‘yli yoki juda nozik ayollar uchun bu model hajmli ko‘rinib ketishi va tana balansi buzilishi mumkin. Yirik yubka harakatni cheklashi mumkin, shu bois faollikni yoqtiradiganlar uchun unchalik qulay emas.

Foto: Milady

Suv parisi siluetidagi kelinlik liboslari

Suv parisi siluetidagi kelinlik liboslari bel, son va tizzagacha tanaga yopishib boradigan, pastdan esa kengayib ketadigan nafis va jozibali ko‘rinishga ega libos turidir. Bunday liboslar ayol qomatining tabiiy chizig‘iga urg‘u berishda ayni muddao bo‘lib, ayniqsa «qumsoat» yoki «noksimon» qomat egalari uchun juda mos keladi. Bu siluet zamonaviylik va hashamatni birlashtirgan holda, suratlarda ham ajoyib chiqadi va o‘ziga xos jozibadorlik beradi.

Foto: Sun’iy intellekt

Bu model bel va son chizig‘i aniq bo‘lgan, baland bo‘yli va tana proporsiyasi muvozanatli ayollar uchun mos keladi. U qomatning chiroyli shaklini ajratib ko‘rsatadi. Biroq qorin, son yoki harakatdagi qulaylikdan xavotiri bor kelinlarga tavsiya etilmaydi. O‘ziga ishonchli va jasoratli kelinlar uchun ideal tanlov.

Foto: The Knot

Column siluetidagi kelinlik liboslari

Column siluetidagi kelinlik liboslari oddiy, nafis va zamonaviy ko‘rinishga ega. Bu turdagi libos tanaga yopishgan kesimi bilan ajralib turadi. Bel va son chizig‘iga alohida urg‘u berib, pastga silliq tarzda tushadi. Ayniqsa, bo‘yi baland, qaddi-qomati silliq kelinchaklar uchun juda mos keladi. Minimalistik uslubni yoqtiradiganlar, zamonaviy va klassik uslubni uyg‘unlashtirishni istaydiganlar uchun ayni muddao.

Foto: Sun’iy intellekt

Biroq bu libos turi har doim ham harakat uchun qulay emas. U qorin, son yoki orqani yashira olmaydi. Shu sababli, shifon, tren (yerni sudrab yuruvchi etak), belni ajratuvchi kamar yoki dantelli yenglar kabi elementlar bilan boyitilsa, libos yanada tantanavor va uyg‘un ko‘rinadi. Bu siluet to‘yda soddalik va nafislikni birgalikda aks ettirishni istaydiganlar uchun ideal tanlovdir.

Hijob yoki ro‘moldagilar uchun urfdagi kelin ko‘ylaklar

Foto: Sun’iy intellekt

Bu yil hijobli kelinlar uchun to‘y liboslari zamonaviylik va odobni uyg‘unlashtirgan holda yaratilmoqda. Bezakli atlas, silliq shifon va dantelli matolar eng ko‘p tanlanayotgan variantlardir. Liboslar to‘liq yopiq bo‘lib, ko‘krak va qo‘l qismlari puxta yopilgan. Lekin kesimlari nafis va uslubi o‘ziga xos. Aksessuarlar sifatida durli yoki toshli boshga taqiladigan soddaroq tojlar, nafis yelkaga tashlanadigan qo‘shimcha yenglar afzal ko‘rilmoqda. Liboslar klassik, shohona, minimalistik va vintaj uslublarda taklif qilinmoqda.

Foto: Sun’iy intellekt

Hijob matosi yengil va silliq bo‘lishi, libos bilan bir rangda yoki mos tusda tanlanishi muhim. To‘y uchun atlas yoki shifon hijoblar toza, chiroyli siluet beradi. Agar libos bezakli bo‘lsa, hijob soddaroq, agar libos minimalistik bo‘lsa, hijobga nafis bezaklar qo‘shish mumkin. Hijob shakli esa to‘liq yopiladigan, ammo yuzni chiroyli ko‘rsatadigan tarzda tanlanishi lozim. Bosh aksessuarlar esa hijob ustidan nafis tarzda taqilishi mumkin.

Qanday matolar urfda

Foto: Sun’iy intellekt

2025-yilda kelinlik liboslari matolaridan krepl, dantel, atlas va organza eng urfdagilari hisoblanadi. Har biri o‘ziga xos tuzilma va ohangga ega bo‘lib, liboslarga nafislik va o‘ziga xoslik bag‘ishlaydi. Ayniqsa, yengil organza va silliq atlas hashamatli va zamonaviy to‘y ko‘ylaklari uchun ideal tanlov bo‘lib qolmoqda.

Qanday bezaklar urfda

Foto: Sun’iy intellekt

Bu yil kelinlik liboslarida bezaklar muhim o‘rin tutmoqda. Yaltiroq durlar, guldor bezaklar, mayda piston va nafis kashtalar liboslarga hashamatli hamda nafis ko‘rinish beradi. Ushbu bezaklar bilan ishlangan liboslar mavsum xitiga aylanib, har bir kelinning o‘ziga xos uslubini namoyon eta oladi.

Boshga kiyiladigan aksessuarni to‘g‘ri tanlash

Foto: Sun’iy intellekt

2025-yilda bosh uchun aksessuarlar kelin libosining uslubiga mos tarzda tanlanmoqda. Katta tojlar va durli bezaklar hashamatli va klassik liboslar bilan uyg‘unlashadi. Minimalistik liboslar uchun esa soddaroq, nafis bantiklar yoki bitta toshli bosh halqalar urfda. Vintaj yoki retro uslubdagi kelinliklar bilan tilla rangli va o‘rta asrlarga xos bosh bezaklari tanlanmoqda.

Foto: Sun’iy intellekt

Kelinlik libosining uslubiga mos bosh uchun aksessuar tanlash umumiy ko‘rinishni mukammallashtiradi. Masalan, minimalistik uslubdagi liboslar uchun nozik tojlar yoki yupqa ipli bantlar mos kelsa, hashamatli klassik liboslar bilan marvaridli yoki toshli bosh bezaklari uyg‘unlashadi. Vintaj uslubdagi liboslar esa dantelli yoki metall asosdagi bosh aksessuarlari bilan to‘ldirilganda yanada chiroyli ko‘rinadi.

2025-yil kelin liboslari urfi an’anaviylik va zamonaviylik uyg‘unligiga asoslangan bo‘lib, har bir kelinning o‘ziga xos didini aks ettiruvchi kelin ko‘ylaklarni tanlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda to‘y qilish qanchaga tushishi haqida yozgan edik.

Shuningdek