
Ijtimoiy tarmoqlarda Chorvoq hududida yana yong‘in yuzaga kelgani haqidagi videolar tarqala boshladi. Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, mazkur hududdagi yong‘in 24-iyul kuni soat 17:57 da to‘liq o‘chirilgan.
Hozirgi paytda ushbu hududda yong‘in butunlay bartaraf etilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlardagi tutun esa faqat qolgan shox-shabba qoldiqlaridan chiqqan.
Ayni vaqtda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan hududda profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan.
Bundan oldin Bo‘stonliq tumani «Xo‘jakent» MFY tog‘li hududidagi 2 gektar maydonda quruq o‘t va shox-shabba yonayotgani haqida xabar bergandik.
Ushbu yong‘inni bartaraf etishga yong‘in-qutqaruv ekipajlari, vertolyotlar jalb qilingandi.