Fransiya prezidenti rafiqasini erkak degan jurnalistni sudga berdi

25-iyul 2025 14:41 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir
Fransiya prezidenti Makron ayolini erkak degan jurnalistni sudga berdi. Foto: AP

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijit AQShda jurnalist Kendis Ouensga qarshi tuhmat bo‘yicha da’vo arizasi topshirdi.

Unga ko‘ra, Ouens bir necha marta Fransiyaning birinchi xonimi erkak ekanligi va u erkak bo‘lib tug‘ilganligini ta’kidlagan.

Makronlar shikoyatlarida Ouens o‘z podkastini targ‘ib qilish va muxlislar doirasini kengaytirish maqsadida «yolg‘onga asoslangan global sharmandali kampaniya» olib borganini aytgan.

Ilgari amerikalik jurnalist 72 yoshli Brijit Makron transayol ekanligi, u Jan-Mishel Trone ismli erkak bo‘lib tug‘ilgani haqida bir nechta tadqiqotlar e’lon qilgandi. Ma’lumotlarga qaraganda, aslida bu Brijitning akasining ismi bo‘lgan.

«Ouens Makronlarning tashqi ko‘rinishi, nikohi, do‘stlari, oilasi va shaxsiy tarixini tanqid qilib, bularning barchasini beo‘xshov hikoyaga aylantirdi. Buning natijasida jahon miqyosida doimiy tahqirlashlar yuz berdi,» – deyiladi jurnalistga qarshi kiritilgan da’voda.

Ouens o‘zining podkastida sudga berilgan da’vo uning obro‘sini tushirishga qaratilgan umidsiz PR-strategiyasi ekanligini ta’kidladi.

Jurnalist qo‘shimcha qilishicha, u endi bo‘ladigan sud jarayoni haqida xabardor bo‘lmagan. Uning advokati esa, Brijit Makron Ouensning intervyu olish haqidagi takroriy iltimoslarini rad etganidan so‘ng, da’voni «qo‘rqitishga urinish» deb baholadi.

Bayonotda Makronlar Ouens tuhmatdan voz kechish haqidagi uchta talabni rad etganidan keyin sudga murojaat qilishganini aytishgan.

«Ouens xonimning kampaniyasi bizga va oilamizga zarar yetkazish, shuningdek, e’tibor va mashhurlikka erishishga qaratilgan edi. Biz unga bu ayblovlardan voz kechish uchun barcha imkoniyatlarni berdik, biroq u rad etdi,» – deya ta’kidlangan da’voda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp ma’muriyati Nyu-York shahrini sudga bergani haqida yozgandi.

Ma’muriyat bu shaharni «boshpana shahar» deb atab, uning federal muhojirlik idoralari bilan hamkorlik qilmayotganini keskin tanqid qilgan.

Shuningdek