
70 so‘mga arzonlagan dollar, besh yilda ikki baravarga oshgan ish haqi, jurnalist Inessa Papernaya o‘limi yuzasidan sud hukmi, yarim yilda 2,2 baravarga oshgan shaftoli eksporti, xorijiy valyutalarni ayriboshlash uchun banklardagi qulay kurslar – Kursiv Uzbekistan tomonidan 25-iyul sanasida sodir bo‘lgan eng muhim yangilik va xabarlar bitta materialga jamlandi.
1-avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

1-avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi? «Kursiv» respublikada amalga oshadigan bir qator o‘zgarishlar haqidagi yangiliklarni keltirib o‘tadi.
2025-yilda qanday kelinlik liboslari urfda

2025-yil may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Visa Fashion Week Tashkent Pre-Fall 2025 modalar haftaligida ko‘plab o‘zbek dizaynerlari o‘zlarining yangi, yozgi kelinlik to‘plamlarini taqdim etdilar. Ushbu to‘plamlarda to‘y liboslari yengil atlas va organza matolardan tikilgan A-line, ball-gown, grekcha yelkali ko‘rinishda namoyon etildi. Kursiv nashri shu mavsumning asosiy tendensiyalari bilan tanishtiradi.
Fransiya Falastin davlatini tan olmoqchi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sentabr oyida Falastin davlatini rasman tan olishini e’lon qildi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Bu bilan Fransiya BMT Xavfsizlik Kengashi va «G7» guruhidagi ilk davlat sifatida bu qadamni tashlamoqda. Makronning bu qarori G‘azo sektoridagi og‘ir gumanitar inqiroz fonida yangradi.
25-iyul kuni xorijiy valyutalarni qaysi banklarda qulay narxda almashtirish mumkin

Tijorat banklari 25-iyul kungi xorijiy valyutalarni sotib olish va sotish kurslarini yangiladi. Kursiv Uzbekistan nashri eng qulay narxdagi valyuta kurslari haqidagi ma’lumotlarni taqdim qiladi.
Banklardan sotib olish
Valyuta | Eng yuqori kurs (sotib olish) | Bank nomi |
---|---|---|
USD | 12 670so‘m | «Universalbank» |
EUR | 14 790 so‘m | «NBU» |
RUB | 150 so‘m | «Kapitalbank» |
Banklarga sotish
Valyuta | Eng yuqori kurs (sotib olish) | Bank nomi |
---|---|---|
USD | 12 650 so‘m | «Davrbank» |
EUR | 14 950 so‘m | «Tengebank» |
RUB | 160 so‘m | «Hayotbank» |
O‘zbekiston yarim yilda 24,3 mingta avtomobil import qildi

O‘zbekiston 2025-yilning dastlabki olti oyida 24,3 mingdan ortiq avtomobil import qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ushbu hajmdan 14,3 mingtasi elektromobillarga to‘g‘ri keladi. Pul ifodasida import hajmi $422,1 millionga baholangan. Shunda ham yetakchilikni Xitoy saqlab turibdi – ushbu mamlakatdan 21,4 mingta avtomobil yetkazib berilgan. Janubiy Koreya hissasiga 2 mingta, Hindistonga esa 168 ta avtomobil to‘g‘ri kelgan.
Prezidentni haqoratlagan shaxs O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

Ozarbayjon Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 1982-yilda tug‘ilgan fuqaro Amonbek Yusupovni jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovini qanoatlantirdi.
O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda o‘rtacha oylik ish haqi ikki baravarga oshdi

Shu yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab o‘rtacha oylik nominal ish haqi 5,9 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga oshgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
So‘nggi besh yil ichida o‘rtacha oylik ish haqi deyarli ikki baravar oshdi – 2021-yilda 2,9 mln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 6 mln so‘mga yaqinlashdi.
Chorvoqda yana yong‘in chiqqani rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Chorvoq hududida yana yong‘in yuzaga kelgani haqidagi videolar tarqala boshladi. Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, mazkur hududdagi yong‘in 24-iyul kuni soat 17:57 da to‘liq o‘chirilgan.
Hozirgi paytda ushbu hududda yong‘in butunlay bartaraf etilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlardagi tutun esa faqat qolgan shox-shabba qoldiqlaridan chiqqan.
O‘zbekistonning shaftoli eksporti yarim yilda 2,2 baravarga oshdi

2025-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston umumiy qiymati $31,4 million bo‘lgan 32 937 tonna shaftoli eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan eksport hajmi 17,6 ming tonnaga ko‘paygan bo‘lib, bu 2,2 baravar o‘sishni anglatadi.
Dollar 70 so‘mga pasaydi

Bugun, 25-iyul kuni dollar kursi 71,75 so‘mga pasayib, 12 581,73 so‘mni qayd etdi. Bu haqda Valyuta birjasi xabar bermoqda.
Shuningdek, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 106,98 so‘mga tushib, 14 764,66 so‘mni, rubl esa 1,41 so‘mga pasayib, 158,34 so‘mni tashkil qildi.
Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalist ishi bo‘yicha mehmonxona egasi 8 yilga qamaldi

2024-yil oktabr oyida Toshkentdagi «Karaman Palace» mehmonxonasida rossiyalik jurnalist Inessa Papernaya is gazidan zaharlanib vafot etgan edi. Mazkur holat yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.
Yakkasaroy tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sud qaroriga ko‘ra, mehmonxona egasi 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Rossiyaning MTS kompaniyasiga qarashli sho‘ba korxona Toshkent metrosida yuz orqali to‘lov xizmatini joriy etdi

VisionLabs kompaniyasi Toshkent metrosida yuzni tanib olish orqali to‘lov xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Bu kompaniya uchun MDHda uchinchi shunday loyiha hisoblanadi. Bu haqda RBK xabar bermoqda.
Kompaniya rahbari Dmitriy Markovning aytishicha, tizim Click va ATTO bilan hamkorlikda joriy etilgan. Hozirda xizmat metro stansiyalarining 75 foizida ishlamoqda. Tez orada bu ko‘rsatkich 100 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 24-iyulning muhim yangiliklari haqida xabar bergandi.