
Shvetsiyaning Koenigsegg avtomobil ishlab chiqaruvchisi ilk bor kichik elektr shahar avtomobili Variera konsepsiyasini sinovdan o‘tkazmoqda. E’tiborli jihati shundaki, bu loyiha professional muhandislardan emas, balki Lund universiteti talabasi Maksimilian Tyrotdan chiqqan. Bu haqda Car Buzz nashri xabar berdi.





U o‘zining «Koenigsegg Variera» deb nomlangan konsept avtomobilini san’at va sanoat dizayni kursi doirasida ishlab chiqqan. Loyiha boshida Tyrot brendga xos tarzda to‘liq elektrli giperkar ishlab chiqmoqchi bo‘lgan, biroq Koenigsegg dizaynerlari unga bu g‘oyadan voz kechib, kundalik foydalanishga mo‘ljallangan, ixcham elektromobil yo‘nalishiga o‘tishni tavsiya qilishgan.




«Variera» so‘zi shved tilida «o‘zgarish» degan ma’noni anglatadi. Bu nom Koenigseggning dizayn tillarini yangicha talqinda ifodalaydi. Loyiha davomida Tyrot Koenigsegg dizaynerlari bilan bevosita ishlab, hatto ularning 3D-printerlaridan ham foydalandi. Loyihani yakunlash arafasida u brend bosh ofisida o‘z konsepsiyasini taqdim etdi.
Variera Porsche 911 va Rolls-Royce Spectre avtomobillari o‘rtasidan joy oluvchi segment uchun mo‘ljallangan. Brendga xos aerodinamik va vizual elementlar bu ixcham avtomobilda ham saqlab qolingan. Uning orqa chiroqlari, umumiy proporsiyalari va ichki detallarida ham Koenigsegg namunasi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Bu loyiha Koenigsegg uchun nafaqat dizayndagi eksperiment, balki brend imidjini kengroq auditoriyaga yoyish uchun muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Leapmotor B01 elektromobili taqdim etilgani haqida yozgandi.