
Amerikalik mashhur qo‘shiqchi Maykl Jekson haqida suratga olinayotgan «Maykl» filmi 2026-yil 24-aprelga qoldirildi. Bu pop musiqa qiroli haqidagi kartinaning uchinchi marta namoyish sanasi o‘zgartirilishi bo‘ldi, deb xabar bermoqda Deadline.
Dastlab film 2024-yil aprel oyida ekranlarga chiqishi rejalashtirilgan edi. Keyinchalik uning premyerasi oktabr oyiga surildi. Endilikda esa kartina 2026-yil bahoriga qoldirilgan.
Film namoyishining kechiktirilishiga asosiy sabab sifatida uning 3,5 soatlik davomiyligi, shuningdek, Maykl Jeksonni axloqsizlikda ayblagan o‘smir Jordan Chandler haqidagi eslatmalar keltirilmoqda.
Shunga qaramay, film ssenariysi xonandaning oila a’zolari tomonidan ma’qullangan. Ammo suratga olish ishlari yakunlangach, ushbu mojaro filmda tilga olinmasligi kerakligi ta’kidlangan.

Maykl Jekson obrazini uning jiyani Jafar Jekson ijro etmoqda. Kartinani taniqli rejissyor, «Buyuk tenglashtiruvchi» («The Equalizer») trilogiyasi muallifi Antuan Fukua suratga olmoqda.
Maykl Jekson musiqiy faoliyatini The Jackson 5 guruhida boshlagan bo‘lib, keyinchalik dunyoga mashhur yakkaxon san’atkor sifatida shuhrat qozongan. Uning «Thriller» albomi musiqiy tarixdagi eng ko‘p sotilgan albom hisoblanadi. Umumiy hisobda butun dunyo bo‘ylab Jeksonning albomlari, singl va to‘plamlari 1 milliarddan ortiq nusxada sotilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Netflix Wednesday serialining ikkinchi fasl treylerini taqdim etgani haqida xabar bergandi.