Prezidentni haqoratlagan shaxs O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

Ozarbayjon Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 1982-yilda tug‘ilgan fuqaro Amonbek Yusupovni jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovini qanoatlantirdi.
Ozarbayjon Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu fuqaroga O‘zbekiston prezidenti sha’ni va qadr-qimmatini haqorat qilganlik aybi qo‘yilgan. U joriy yilning aprel oyida Ozarbayjon hududida aniqlanib, qo‘lga olingan. Shuningdek, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ekstraditsiya haqidagi qaror 2002-yil 7-oktabrda imzolangan «Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi konvensiya»ga asosan qabul qilingan.
«Ozarbayjon Adliya vazirligining Penitensiar xizmati maxsus konvoy kuzatuvida Yusupov O‘zbekistonning vakolatli organi vakillariga topshirildi», – deyiladi xabarda.
Bundan oldin Namanganda «Islom Davlati» terror tashkilotiga aloqador guruh fosh etilgani haqida yozgandik.