AQSh tariflari va global xavflar iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirmoqda — OТB

Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi rivojlanayotgan davlatlar uchun 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy o‘sish prognozini pasaytirdi. Bunga AQSh tariflarining oshishi, global savdo noaniqligi va ichki talabning susayishi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
OTB prognozlariga ko‘ra, joriy yilda mintaqa iqtisodiyoti 4,7 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich aprel oyida e’lon qilingan prognozga nisbatan 0,2 foiz punktga past. Shuningdek, hisobotda kelgusi yilgi prognoz ham 4,7 foizdan 4,6 foizga pasaytirilgani qayd etilgan.
OTB bosh iqtisodchisi Albert Parkning aytishicha, mintaqa murakkab tashqi sharoitlar bilan yuzma-yuz turibdi. Uning fikricha, mamlakatlar ochiq savdo va mintaqaviy hamkorlikni davom ettirib, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashi lozim.

Mintaqaning eng yirik iqtisodiyoti boʻlgan Xitoyda bu yilgi iqtisodiy oʻsish 4,7 foiz, kelasi yilda esa 4,3 foiz darajasida boʻlishi kutilmoqda. Hukumat isteʼmol va sanoat faolligini oshirish choralarini koʻrayotgan boʻlsa-da, koʻchmas mulk bozoridagi zaiflik va eksportdagi pasayish asosiy muammo boʻlib qolmoqda.
Hindiston iqtisodiyoti bu yil 6,5 foizga, kelasi yil esa 6,7 foizga oʻsishi kutilmoqda. Bu aprel oyidagi prognozlarga nisbatan biroz past. Eksport va sarmoyalarga AQShning yuqori tariflari va savdodagi noaniqlik salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari esa savdo sharoitlari yomonlashishi tufayli koʻproq zarar koʻrishi mumkin. OTB maʼlumotiga koʻra, submintaqaning oʻsish surʼati joriy yilda 4,2 foiz, kelasi yilda esa 4,3 foiz boʻlishi kutilmoqda — bu esa avvalgi prognozdan yarim foizga kam.
Kavkaz va Markaziy Osiyoda esa aksincha, oʻsish prognozi oshirildi. Joriy yilda 5,5 foiz, kelasi yilda 5,1 foizlik oʻsish kutilmoqda. Bu asosan neft qazib olish hajmi oshishiga bogʻliq.
Osiyo va Tinch okeani mintaqasida inflyatsiya surʼati ham sekinlashishi kutilmoqda. Neft narxining tushishi va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining koʻpayishi sabab oziq-ovqat narxlariga bosim kamaymoqda. OTBning hisob-kitoblariga koʻra, inflyatsiya bu yil 2,0 foiz, kelasi yil esa 2,1 foiz boʻladi. Bu avvalgi prognozlardan past.
Ma’lumot uchun, OTB 1966-yilda tashkil etilgan boʻlib, unga 69 mamlakat aʼzo boʻlgan. Ularning 50 tasi mintaqada joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan OTB O‘zbekiston AQShning yangi tariflaridan eng katta ta’sir ko‘rishi mumkinligini qayd etgani haqida yozgan edi.