O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda o‘rtacha oylik ish haqi ikki baravarga oshdi

Shu yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab o‘rtacha oylik nominal ish haqi 5,9 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga oshgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
So‘nggi besh yil ichida o‘rtacha oylik ish haqi deyarli ikki baravar oshdi – 2021-yilda 2,9 mln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 6 mln so‘mga yaqinlashdi.
Toshkent — ish haqi bo‘yicha yetakchi
Hududlar bo‘yicha farqlar katta. Masalan, o‘tgan olti oyda Toshkent shahrida o‘rtacha ish haqi 10,1 mln so‘mga yetib, respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi.
Toshkent viloyatida esa bu ko‘rsatkich 5,6 mln so‘m atrofida bo‘lsa, eng past o‘rtacha ish haqi Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan – 4,1 mln so‘m.
Sirdaryo, Jizzax, Farg‘ona, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida ish haqi o‘sish sur’atlari bo‘yicha yetakchi hududlar sirasiga kirgan. Masalan, Sirdaryoda o‘rtacha ish haqi 4,8 mln so‘m bo‘lib, 18 foizlik o‘sish kuzatilgan. Jizzaxda bu ko‘rsatkich 4,5 mln, Farg‘onada 4,4 mln, Namanganda 4,3 mln va Surxondaryoda 4,2 mln so‘mni tashkil etgan. Ushbu hududlarda o‘sish sur’ati 16 foizdan yuqori bo‘lgan.
Boshqa tarafdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Navoiy, Qashqadaryo, Buxoro, Toshkent, Xorazm va Samarqand viloyatlarida ish haqi nisbatan yuqoriroq bo‘lsa-da, o‘sish sur’atlari pastroq ekani kuzatilgan.
Yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi miqdori va o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’ati
Viloyat / Hudud | O‘rtacha oylik ish haqi (mln so‘m) | O‘sish sur’ati (%) |
---|---|---|
Navoiy viloyati | 7,4 mln | 113,4 |
Toshkent viloyati | 5,6 mln | 115,3 |
Andijon viloyati | 4,9 mln | 111,0 |
Buxoro viloyati | 4,7 mln | 114,8 |
Sirdaryo viloyati | 4,7 mln | 118,0 |
Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 4,7 mln | 114,2 |
Xorazm viloyati | 4,7 mln | 115,6 |
Jizzax viloyati | 4,4 mln | 117,0 |
Farg‘ona viloyati | 4,4 mln | 116,9 |
Samarqand viloyati | 4,4 mln | 115,8 |
Namangan viloyati | 4,3 mln | 116,6 |
Surxondaryo viloyati | 4,2 mln | 116,1 |
Qashqadaryo viloyati | 4,1 mln | 114,3 |
Sohalar kesimida
2025-yilning birinchi yarmida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ish haqi o‘sgan bo‘lsa-da, bu o‘sish sur’ati sezilarli darajada farqlanadi.
- Eng yuqori ish haqi bank, sug‘urta, kredit va vositachilik sohalarida qayd etilgan — o‘rtacha 16,2 mln so‘m. Ushbu tarmoqda eng yuqori maoshlar qayta sug‘urtalash (19,6 mln so‘m) va moliyaviy konsalting (19,5 mln so‘m) yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi.
- Axborot va aloqalar sohasida o‘rtacha ish haqi 14,7 mln so‘mni tashkil etib, kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar sohasida 19,4 mln so‘mga, axborot xizmati ko‘rsatish sohasida 18,5 mln so‘mga, aloqa sohasida 11,7 mln so‘mga yetgan.
- Ta’lim tizimida o‘rtacha ish haqi 4,1 mln so‘m bo‘lib, maktabgacha ta’limda bu ko‘rsatkich atigi 2,2 mln so‘mni tashkil etdi. Oliy ta’limdagi maosh esa 9,5 mln so‘mga yetgan.
Ma’lumot uchun, nominal hisoblangan ish haqi – bu ma’lum bir davr (soat, oy, yil) mobaynida xodim tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot, bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat evaziga ish beruvchi tomonidan qonunchilikka muvofiq tarzda soliq va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga olgan holda ish haqi shaklida jismoniy shaxsga pul ko‘rinishida hisoblangan daromadlar yig‘indisidir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan joriy yilning yanvar – mart oylarida o‘rtacha oylik ish haqi qariyb 5,8 mln so‘mni tashkil etgani haqida yozgandi.