O‘zbekistonning shaftoli eksporti yarim yilda 2,2 baravarga oshdi

2025-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston umumiy qiymati $31,4 million bo‘lgan 32 937 tonna shaftoli eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan eksport hajmi 17,6 ming tonnaga ko‘paygan bo‘lib, bu 2,2 baravar o‘sishni anglatadi.
Eng katta hajmdagi o‘zbek shaftolisi quyidagi davlatlarga yetkazib berilgan:
- Rossiya — 24 752 tonna;
- Qozog‘iston — 6 387 tonna;
- Qirg‘iziston — 1 531 tonna;
- Belarus — 210 tonna;
Qolgan 57 tonna esa boshqa davlatlarga eksport qilingan.
Bundan oldin 2025-yilning aprel-iyun oylarida O‘zbekistonning yangi o‘rik eksporti hajmi ham o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga oshgani haqida yozgandik.
EastFruit mutaxassislarining fikricha, joriy mavsumda O‘zbekiston dunyo bozoriga o‘rik yetkazib berish bo‘yicha ikkinchi yirik eksportchiga aylanishi mumkin.