Starlink’dagi nosozlik 65 mingdan ortiq foydalanuvchini internetsiz qoldirdi

24-iyul kuni SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘ida keng ko‘lamli nosozlik yuzaga keldi. Down Detector ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 65 mingdan ortiq foydalanuvchi internetga ulana olmagan.
SpaceX muammoni tan oldi va xizmatni tez orada tiklash ustida ish olib borayotganini bildirdi. Kompaniya asoschisi Ilon Mask foydalanuvchilardan uzr so‘rab, bunday holat takrorlanmasligi uchun sabablar bartaraf etilishini ta’kidladi.
Nosozlik Starlink va T-Mobile kompaniyalari o‘rtasidagi yangi aloqa xizmati beta-testdan chiqib, keng ommaga taqdim etilgan kuni yuz berdi. Yangi xizmat 650 dan ortiq sun’iy yo‘ldosh orqali AQShda mobil aloqa «o‘lik zonalari»ni qamrab olishni maqsad qilgan.
Ayni paytda foydalanuvchilar internetga kirishda uzilishlar kuzatayotgan bo‘lsa-da, SpaceX xizmat tez orada tiklanishini va’da qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatar Airways samolyotlarida Starlink interneti ishga tushirilgani haqida yozgan edik.