Yangiliklar

Tailand — Kambodja to‘qnashuvida o‘zbekistonliklar jabrlanmadi — TIV

Qurolli to‘qnashuv yuzasidan bayonot
Tailand — Kambodja to‘qnashuvida o‘zbekistonliklar jabrlanmadi. Foto: Reuters

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegarada yuz bergan qurolli to‘qnashuv yuzasidan bayonot berdi.

«O‘zbekiston Tailand va Kambodja o‘rtasidagi chegarada yuz bergan qurolli to‘qnashuv munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Biz barcha tomonlarni vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga va xalqaro huquq normalariga rioya qilishga chaqiramiz», — deyiladi TIV xabarida.

Bangkokdagi Bosh konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, hozircha Tailand va Kambodjada yashayotgan o‘zbekistonliklar orasida jabrlanganlar yo‘q. Tailandning poytaxti va turizm markazlarida vaziyat barqaror, xorijiy sayyohlar uchun xavf mavjud emas.

Vazirlik O‘zbekiston fuqarolaridan Kambodja bilan chegaradosh hududlarga bormaslik va rasmiy axborotlarni muntazam kuzatib borishni so‘raydi.

Favqulodda vaziyatlarda Bangkokdagi Bosh konsulxonaning quyidagi raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish mumkin:

  • (+66-2) 675-3995;
  • (+66-2) 675-3996.

So‘nggi yillarda o‘zbekistonliklarning Tailandga safarlari ortmoqda. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025-yilning yanvar – mart oylarida 13,5 ming nafar fuqaro turistik maqsadlarda Tailandga safar qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 24-iyul kuni Tailand va Kambodja o‘rtasida chegaraviy mojarolar qurolli to‘qnashuvga aylangani haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, Tailand F-16 harbiy samolyoti Kambodjadagi harbiy nishonni bombardimon qilganini tasdiqladi. Kambodja esa ikki bomba yo‘lga tashlanganini aytib, bu harakatni «tajovuzkorlik» deb baholadi.

To‘qnashuvlar oqibatida Tailandda kamida 11 nafar tinch aholi va bir askar halok bo‘lgan. Shuningdek, 30 dan ortiq kishi yaralandi. Kambodja tomoni ham Tailandni ayblab, chegarani buzganini ma’lum qildi. Tailand esa o‘z suverenitetini himoya qilishga tayyor ekanini bildirdi.