Rossiyaning MTS kompaniyasiga qarashli sho‘ba korxona Toshkent metrosida yuz orqali to‘lov xizmatini joriy etdi

eʼlon qilindi
Hozirda xizmat metro stansiyalarining 75 foizida ishlamoqda
Toshkent metro
Toshkent metrosida yuz orqali to‘lov xizmati ishga tushdi / Foto: CNBC

VisionLabs kompaniyasi Toshkent metrosida yuzni tanib olish orqali to‘lov xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Bu kompaniya uchun MDHda uchinchi shunday loyiha hisoblanadi. Bu haqda RBK xabar bermoqda.

Kompaniya rahbari Dmitriy Markovning aytishicha, tizim Click va ATTO bilan hamkorlikda joriy etilgan. Hozirda xizmat metro stansiyalarining 75 foizida ishlamoqda. Tez orada bu ko‘rsatkich 100 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Bunga o‘xshash xizmat Moskvada 2021-yilda, Qozog‘istonning Olmaota shahrida esa 2024-yilning o‘rtalarida ishga tushirilgan edi. Toshkent loyihasi — VisionLabs’ning navbatdagi xalqaro tashabbusi.

Kompaniya bu xizmatdan 2024-yilda 100 million rubl $1,25 mln) daromad ko‘rgan. VisionLabs nafaqat metrolarda, balki do‘konlar, kinoteatrlar va boshqa joylardagi kassalarda ham yuz orqali to‘lov tizimlarini joriy qilgan.

Kompaniya 2012-yilda tashkil etilgan.

VisionLabs xizmatlari O‘zbekistondan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo va Lotin Amerikasi davlatlarida ham ishlatilmoqda.

Yuzni tanib olish texnologiyasi banklarda ham qo‘llanilmoqda. U mijozni pasportsiz aniqlash, kartasiz bankomatdan foydalanish va mijoz kelgan zahoti xizmat ko‘rsatish kabi qulayliklar yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent metrosida 13 ta bekatdagi chipta sotadigan kassalar yopilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek