Tramp bojlari GM’ga qimmatga tushdi: kompaniya uch oyda milliardlab zarar ko‘rdi

eʼlon qilindi
Umumiy daromadi 2 foizga kamaydi
General Motors
Foto: rbspace / depositphotos.com

Amerikaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi General Motors (GM) 2025-yilning ikkinchi choragida global miqyosda 1,5 mln dona avtomobil sotganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya hisobotlarida ma’lum qildi.

Shu davr mobaynida kompaniyaning umumiy daromadi $47,1 milliardni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 foizga kam. Biroq yilning dastlabki yarmi bo‘yicha daromad 91,1 milliard dollar atrofida saqlanib qoldi. Bu 2024-yilga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz.

GM’ning sof foydasi ikkinchi chorakda 34 foizga kamaydi va $1,9 milliardni tashkil etdi. Kompaniya bunga asosiy sabab sifatida Tramp ma’muriyatining import bojlarini oshirish siyosatini ko‘rsatmoqda. Aynan ushbu tariflar kompaniyaning foizlar va soliqlardan oldingi foydasini $1,1 milliardga qisqartirgan. Kompaniya ma’lum qilishicha, ushbu salbiy ta’sir uchinchi chorakda yanada kuchayishi kutilmoqda.

Shunga qaramay, GM o‘zining asosiy bozorlarida – Shimoliy Amerika va Xitoyda savdolarni oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi chorakda kompaniya Shimoliy Amerikada 878 ming (6 foizga o‘sish), Xitoyda esa 448 ming (20 foizga o‘sish) avtomobil sotdi. Xitoyda bu ko‘rsatkich asosan elektr va gibrid modellarga bo‘lgan talab hisobiga erishildi.

Bojlar bosimiga moslashish uchun GM hozirda AQShdagi ishlab chiqarish hajmini kengaytirmoqda. Iyunda kompaniya Michigan, Kanzas va Tennessi shtatlaridagi uchta zavod faoliyatini rivojlantirish uchun $4 milliard ajratganini e’lon qildi.

«Biz savdo va soliq siyosatidagi yangi sharoitlarga moslashishga harakat qilmoqdamiz. Maqsadimiz – uzoq muddatda biznesimiz foydali bo‘lib qolishini ta’minlash», deya ta’kidladi GM bosh direktori Meri Barra.

Biroq investorlar kompaniyaning bojlar tufayli ko‘rgan yo‘qotishlariga salbiy munosabat bildirdi. GM aksiyalari choraklik hisobot e’lon qilingach, 3,3 foizga arzonlashdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan General Motors elektromobillar uchun yangi turdagi akkumulyator ishlab chiqarishi haqida yozgandi.

Shuningdek