Yangiliklar

Tramp ma’muriyati Nyu-York shahrini sudga berdi

Ma’muriyat bu shaharni "boshpana shahar" deb atadi
Nyu-York
Tramp ma’muriyati Nyu-York shahrini sudga berdi / Foto: Simple Vikipediya

Donald Tramp ma’muriyati Nyu-York shahrini muhojirlar bilan bog‘liq siyosati sababli sudga berdi. Bu haqda NBC News xabar bermoqda.

Ma’muriyat bu shaharni «boshpana shahar» deb atab, uning federal muhojirlik idoralari bilan hamkorlik qilmayotganini keskin tanqid qilgan.

AQSh bosh prokurori Pem Bondi Nyu-York shahrining boshpana siyosatini keskin tanqid qildi. Unga ko‘ra, bu siyosat tufayli minglab jinoyatchilar ko‘chalarga chiqarib yuborilgan va ular oddiy, qonunga itoatkor fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatlari sodir etmoqda.

«Agar Nyu-York o‘z fuqarolarini himoya qilmasa, bu vazifani biz federal hukumat bajarishga majbur bo‘lamiz», — dedi bosh prokuror Bondi.

Da’vo arizasida Nyu-York siyosati federal hukumatning immigratsiya qonunlarini ijro etish imkoniyatiga to‘siq bo‘layotgani va bu bilan AQSh Konstitutsiyasining ustuvorlik prinsipiga zid kelayotgani qayd etilgan.

Tramp ma’muriyati bunday yurisdiksiyalarga qarshi keskin choralar ko‘rishga intilmoqda. Bu yurisdiksiyalar, ya’ni shtat va shaharlar federal immigratsiya idoralari bilan hamkorlikdan voz kechib, noqonuniy muhojirlarga huquqiy himoya taqdim etadi. Davlat rasmiylari esa bu siyosatni to‘xtatish tarafdori.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Tramp o‘ziga qarshi ochilgan federal ishlarning 75 foizida yutqazgani haqida yozgan edi.