Xitoy kompaniyasi Buxoro va Surxondaryoda ma’lumotlar markazi quradi

O‘zbekiston Energetika vazirligi va Xitoyning Shanghai LinkWise Data Intelligence Co., Ltd kompaniyasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Ushbu memorandumga ko‘ra, Buxoro viloyatida yuklamasi 300 MVt bo‘lgan ma’lumotlar markazi (Data center) quriladi.
Shu bilan birga, keyinchalik bunday markazni Surxondaryo viloyatida ham qurish rejalashtirilgan. U ham aynan 300 MVt yuklamaga ega bo‘ladi.
Tomonlar mazkur loyihalarni tezkor amalga oshirish uchun barcha zarur ishlarni jadallashtirishga kelishib oldi.
Bundan oldin O‘zbekiston Energetika vazirligi, Ozarbayjonning davlat neft kompaniyasi SOCAR va «O‘zbekneftgaz» AJ o‘rtasida mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitim imzolangani haqida yozgandik.
Ushbu bitim Ustyurt neft-gaz hududidagi investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlari va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutadi.
Bitimga ko‘ra, kamida ming kvadrat kilometr maydonda 3D seysmik qidiruv ishlari amalga oshiriladi va natijalarga asosan bitta quduqda geologiya-qidiruv ishlari boshlanadi.
Sanoat miqyosidagi uglevodorod zaxiralari topilsa, tomonlar ularni o‘zlashtirish va qazib olish ishlarini boshlaydi.