Yozda ko‘rishingiz kerak bo‘lgan Top – 5 ta film

25-iyul 2025 19:00 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir
Yozda ko‘rishingiz kerak bo‘lgan top-5 ta kino. Foto: depositphotos

Yozgi ta’tilni nafaqat sayrda, balki ekran qarshisida ham unutilmas lahzalar bilan boyitish vaqti keldi. Bu safar syujetlar turlicha: ba’zilari mehr va sadoqatni eslatadi, boshqalari esa hayotning achchiq haqiqatlariga yuzlashtiradi. Kulgudan tortib ko‘z yoshgacha — har biri o‘ziga xos.

«Lilo va Stitch»dagi mehr, «Uch savdoyi»ning hazilga boy voqealari, «Haqiqiy og‘riq»ning iztiroblari, «F1» treklaridagi shiddat va «Seni uchratgunimga qadar»dagi nozik hislar — barchasi bir to‘plamda.

Kursiv Uzbekistan tavsiya qilayotgan quyidagi filmlar yozni mazmunli o‘tkazishga yordam beradi.

Ushbu maqola orqali quyidagi filmlar haqida bilib olasiz

Lilo & Stitch («Lilo va Stitch»)

Janri: oilaviy, komediya, sarguzasht;

Lilo va Stitch eng dastlab Disney tomonidan 2002-yilda multfilm sifatida chiqarilgan. U qisqa vaqt ichida butun dunyoda juda mashhur bo‘lib ketdi va Disney klassiklari qatoridan joy oldi.

2024 – 2025-yillarda Disney ushbu multfilmini live-action ya’ni jonli aktyorlar ishtirokidagi yangi versiyasini suratga oldi.

Film Gavayi orollarida yashovchi kichkina qizcha — Lilo va u tasodifan topib olgan Stitch ismli g‘alati, begona sayyoralik hayvon haqida. Stitch aslida genetik tajriba natijasi bo‘lib, Yerga kelib qoladi. Dastlab hamma uni xavfli deb biladi, lekin Lilo unga mehr ko‘rsatadi va oilasining bir qismiga aylantiradi. Film oilaviy qadriyatlar, mehr va do‘stlik haqida hikoya qiladi.

Filmning butun voqealari issiq, quyoshli Gavayi orollarida kechadi – plyaj, dengiz, palmalar va doimo yoz faslini eslatadi. Shu sababli ham filmni yozgi ta’tilda tomosha qilish tavsiya etiladi.

Lilo va Stitch filmini 23-iyulga qadar Magic Cinema, Compass Cinema, Riviera Cinema, Sergeli Cinema kinoteatrlarida rus tilida yoki onlayn uzmovi.me sayti orqali o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin.

A real pain (Haqiqiy og‘riq)

Janri: dramediya (drama-komediya), yo‘l filmi, tarixiy motivatsiya

Filmning asosiy qahramonlari — uzoqlashib ketgan ikki qarindosh, David va Benji. Ular Polshaga sayohat qilish uchun birga yo‘lga chiqadi. Safar boshlanishida oddiygina oilaviy tarixni eslash va hurmat bilan yodga olish rejalangan bo‘lsa-da, yo‘lda ularning eski ziddiyatlari, oilaviy og‘riqlari va bolalikdan qolgan iztiroblari yuzaga chiqadi.

Filmning o‘ziga xosligi shundaki, u og‘ir mavzuni hazil bilan yengillatadi. Jessi Ayzenberg va Kiran Kalkinning asabbuzar hazillari, noodatiy dialoglari syujetni jonlantiradi va tomoshabinni bir vaqtning o‘zida o‘ylantiradi ham, kuldiradi ham. Shu sababli film oddiy drama emas, balki ichida kulgi va og‘riq aralashgan hayotiy hikoya sifatida ajralib turadi.

A real pain 2024-yil oxirida ilk marta tomoshabinlarga taqdim etildi va 2025-yilning bahor-yozida dunyoning turli mamlakatlarida katta ekranlarda namoyish etila boshladi. Film mustaqil kinofestivallarda iliq kutib olindi va Ayzenbergning rejissyor sifatidagi qobiliyatini yanada ko‘rsatdi.

Yoz faslida bu filmni ko‘rishning o‘ziga xos tomoni shundaki, syujetning o‘zi yo‘lga, sayohatga, yangi ochilishlarga asoslangan. Yoz sayohatlar va safarlar fasli bo‘lgani sababli, bu film yozgi kayfiyatga mos tushadi. Dam olish kunlarida tinchgina, oila davrasida yoki do‘stlar bilan chuqur, ammo yumor aralash hayotiy film ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, ayni mos tanlov bo‘lishi mumkin.

Filmni iTV.uz sayti orqali o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin. To‘lovlar mavjud.

3 idiots (Uch savdoyi)

Video: YouTube tarmog‘idan olindi

Janr: Komediya, drama, motivatsion.

Bu film 2009-yilda chiqqan bo‘lib, uch do‘stning talabalik davri, orzulari va jamiyatdagi «qolip»lar bilan kurashi haqidagi hikoya. Film kuldiradi, o‘ylantiradi va ilhomlantiradi. O‘qish, do‘stlik va mustaqil fikrlash haqida katta dars beradi.

Film syujeti uch nafar kollej talabasining do‘stligi, orzulari va o‘qishdagi bosim haqida. Raju, Farhan va Rancho ismli uch do‘st qattiq tartib-intizomli texnik universitetda o‘qiydi. Ularning orasida Rancho boshqacha fikrlaydi — u o‘qishni oddiygina baholar uchun emas, balki bilim va hayot mazmunini topish uchun davom ettiradi. Rancho boshqalar uchun ham ilhom manbaiga aylanadi. Film talaba hayoti, oilaviy bosim, ta’lim, do‘stlik, sevgi va orzularning qudrati haqida falsafiy va bir vaqtning o‘zida juda kulgili tarzda hikoya qiladi.

«Uch savdoyi» ko‘pchilik uchun motivatsion va qiziqarli film bo‘lib, ayniqsa yoshlar orasida juda mashhur. Yoz — ko‘pchilik talabalar uchun ta’til, o‘zini o‘ylash, kelajakni rejalashtirish va dam olish davri hisoblanadi. Shu sabab, «Uch savdoyi» aynan mana shunday o‘zgarish, orzular va motivatsiya mavzularini eslatadi. Filmda aytiladigan mashhur g‘oya — «All is well» (Hammasi yaxshi bo‘ladi) — ko‘p yoshlar uchun shiorga aylangan.

Filmni uzmovi.tv, asilmedia.org saytlari orqali o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin.

F1 («Formula 1»)

Janri: hujjatli film.

2025-yilda Gollivud kinoyulduzi Bred Pitt bosh rolni ijro etgan va taniqli rejissyor Jozef Kosinski tomonidan suratga olingan Formula 1 filmi nihoyat katta ekranlarga chiqdi.

«F1» filmi asosiy e’tiborni Bred Pitt ijrosidagi Sonni Xayesga qaratadi. Bu qahramon ilgari poygachilik faoliyati bilan tanilgan, biroq jiddiy avariyadan so‘ng sportni tark etgan. Yillar o‘tib, u Apex Grand Prix jamoasiga qaytadi — endilikda ustoz va yordamchi sifatida. Bu orada yosh, mag‘rur poygachi Joshua Pirs ham sahnaga chiqadi. Ular orasidagi ziddiyatlar, jamoaviy intriga va poyga muhitidagi bosim film asosini tashkil etadi.

Ayniqsa yoz mavsumida Formulа 1 poygalari ko‘p bo‘lib o‘tadigan davrda, ushbu film temir asablar va tezlikka bo‘lgan muhabbatni yanada oshiradi.

Ushbu filmni Magic Cinema, Cinemaplex, Compass Cinema, Next Cinema, Parus Cinema, Riveira Cinema, Sergeli Cinema, O‘zbegim Cinema va Buxoro kinoteatrlarida rus tilida tomosha qilishingiz mumkin. Biletlarni 50 ming so‘mdan boshlab 300 ming so‘mgacha xarid qilishingiz mumkin. O‘zbek tilida esa uzmovi.tv sayti orqali onlayn ko‘rish imkoni mavjud.

Me before you («Seni uchratgunimga qadar»)

Janri: drama, romantik;

Jojo Moyesning shu nomli mashhur romani asosida suratga olingan film 2016-yilda katta ekranlarga chiqqan.

Unda asosiy voqea yosh va quvnoq qiz Luiza Klark hayoti atrofida aylanadi. U ishidan ajralganidan so‘ng, falaj bo‘lib qolgan boy va muvaffaqiyatli yigit Uill Treynorning parvarishchisi bo‘lib ish boshlaydi. Dastlab ular bir-birini tushunmaydi va sovuq munosabatda bo‘lishadi. Ammo vaqt o‘tgan sari Louisa Willning hayotga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga harakat qiladi. Shu jarayonda ular bir-biriga yaqinlashib, hayot haqidagi qarashlari butunlay o‘zgaradi.

Film sevgi, insonning tanlovi, umid va hayotning qadrini his qilish haqida chuqur va ta’sirli hikoya qiladi.

Filmni uzmovi.tv, freekino.net, kinolar.tv saytlari orqali o‘zbek tilida tomosha qilish mumkin.

Yoz kunlari faqat tashqarida sayr qilib yoki sayohatlarda emas, balki uyda yaqinlaringiz bilan, do‘stlar davrasida yoki yolg‘izgina bir chashka choy bilan yaxshi film tomosha qilib ham unutilmas o‘tishi mumkin. Ba’zan bitta yaxshi film yozning issiq kunida dam olishning eng oddiy va yoqimli usuliga aylanadi.

Bundan oldin Netflix Wednesday serialining ikkinchi fasl treylerini taqdim etgani haqida yozgandik.

Yangi treylerda bosh qahramon Addams yana «Nevermore» akademiyasiga qaytadi. Bu safar u yangi sirli voqealarga duch keladi, ya’ni sevgan insonining hayoti xavf ostida qoladi.

Bosh rol ijrochisi Jenna Ortega aytishicha, yangi mavsum slasher janridan ilhomlangan sahnalarni o‘z ichiga oladi.

Serialning yangi fasli Netflix platformasida yaqin kunlarda namoyish etilishi kutilmoqda.

Shuningdek