Mutaxassislar Kaspiy dengizining sathi rekord darajada pasayganini maʼlum qildi

Kaspiy dengizi sathi butun kuzatuvlar tarixida ilk bor minus 29 metrdan pastga tushdi. Bu haqda TASS Kaspiy baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti Volga–Kaspiy filiali maʼlumotlariga tayanib xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, asosiy pasayish Rossiya va Qozogʻiston qirgʻoqlaridagi sayoz shimoliy hududlarda kuzatilmoqda. Suv chekinishi natijasida ilgari hayotga boy boʻlgan koʻplab maydonlar qurib, ochilib qolgan. Bu holat dengiz ekotizimi va undagi biologik xilma-xillik uchun jiddiy xavf tugʻdirmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, Kaspiy sathining pasayishi 1990-yillarning oʻrtalaridan beri davom etib kelmoqda. Soʻnggi toʻrt yilda dengiz darajasi yana 0,8 metrga tushgan. Asosiy sabab — Volga daryosining kamaygan oqimi. Aynan Volga Kaspiyga tushadigan suvning 80 foizini, suv balansining esa 64 foizini tashkil etadi.
Yillik oqim 210–232 kub kilometr atrofida boʻlib, bu tarixiy meʼyordan — 250 kub kilometrdan ancha past. Mutaxassislarga koʻra, dengiz sathi faqat Volga oqimi 270 kub kilometr darajasiga yetgan taqdirdagina koʻtarilishi mumkin. Soʻnggi bunday barqarorlik 1970–1990-yillar oraligʻida kuzatilgan.
Kaspiy sathining pasayishiga taʼsir qilayotgan boshqa omillar ham mavjud:
- Global isish natijasida haroratning oshishi va kuchli bugʻlanish;
- Qishloq xoʻjaligi hamda sanoat ehtiyojlari uchun daryo suvlarining haddan tashqari sarflanishi.
Eslatib oʻtamiz, Kaspiy — Yer yuzidagi eng yirik yopiq suv havzasi. Unga 130 dan ortiq daryo quyiladi, eng yiriklari: Volga, Ural, Terek, Sulaq va Samur.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston Kaspiy dengizida parom qatnovini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.