Yangiliklar

Oʻzbekiston mobil internet tezligi boʻyicha MDHda kuchli uchlikka kirdi

Dunyo mamlakatlari orasida 71-o‘rinni egalladi
Foto: TASS

2025-yil iyun oyi holatiga koʻra, Speedtest Global Index reytingida Oʻzbekiston mobil internet tezligi boʻyicha dunyo mamlakatlari orasida 71-oʻrinni egalladi.

Unga koʻra, Oʻzbekistonda mobil internetning oʻrtacha tezligi 55,78 Mbit/s ni tashkil qilgan. MDH davlatlari orasida mobil internetning oʻrtacha tezligi boʻyicha birinchi oʻrinni Qozogʻiston egallagan boʻlsa, Oʻzbekiston uchinchi pogʻonadan joy oldi.

Jahon miqyosida esa mobil internet tezligi boʻyicha yetakchilikni Birlashgan Arab Amirliklari saqlab qolib, oʻrtacha tezlik 546,14 Mbit/s ga teng boʻldi. Undan keyingi oʻrinlarda Qatar (517,44 Mbit/s) va Kuvayt (378,45 Mbit/s) joylashdi.

Shuningdek, kuchli oʻntalikdan Bahrayn, Braziliya, Bolgariya, Janubiy Koreya, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Daniya ham oʻrin olgan.

Reyting jadvalining oxirgi pogʻonalarida esa Eswatini (101-oʻrin), Belarus (102-oʻrin) va Boliviya (103-oʻrin) qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, Global reyting 103 ta davlatni qamrab olgan boʻlib, har oyda internet tezligi boʻyicha statistik ma’lumotlarni taqdim qilib keladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Starlinkʼdagi nosozlik 65 mingdan ortiq foydalanuvchini internetsiz qoldirgani haqida xabar bergan edi.