Tailand va Kambodja oʻrtasidagi qurolli toʻqnashuvlar kuchaymoqda

eʼlon qilindi
Natijada ikki chegara viloyatining ayrim tumanlari harbiy holatga oʻtkazildi
Foto: Getty Images

Tailand va Kambodja oʻrtasidagi chegarada qurolli mojaro yangi bosqichga kirdi. Khaosod nashriga koʻra, janglar Trat va Chanthaburi provinsiyalarida, yaʼni kurortlarga yaqin hududlarda davom etmoqda.

Toʻqnashuvlar dastlab chegara chizigʻining shimoliy qismida sodir boʻlgan, lekin 25-iyul oqshomidan boshlab janubda ham harbiy harakatlar kuchaygan. Bu hududdan Pattayagacha atigi 150 kilometr, Bangkokgacha esa 200 kilometr masofa bor. Natijada ikki chegara viloyatining ayrim tumanlari harbiy holatga oʻtkazildi.

Tailand armiyasi maʼlumotiga koʻra, 26-iyul tongida Kambodja qoʻshinlari Trat provinsiyasi orqali davlat chegarasini buzib oʻtishga uringan, biroq Tailand harbiylari ularni orqaga chekinishga majbur qilgan. Janglarda Tailand harbiy-dengiz kuchlarining kemalari ham qatnashmoqda.

Toʻqnashuvlar har ikki davlatda talafotlarga olib keldi. Kambodja rasmiylariga koʻra, 13 kishi halok boʻlgan, 70 dan ortigʻi yaralangan — ulardan 50 nafari tinch aholi vakillari. Tailandda esa 14 kishi qurbon boʻlgan, ularning 13 nafari — oddiy fuqarolar. 60 dan ortiq odam yaralangan. Hududdagi xavfsizlik sabab 130 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilindi.

Maʼlumot uchun, Tailand va Kambodja oʻrtasidagi chegara nizolari bir asrdan ortiq vaqt davomida davom etib keladi. Mojaroning asosiy sabablaridan biri — Preaxvixea hindu ibodatxonasi majmuasi va uning atrofidagi bahsli hudud.

Avvalroq Kursiv Tailand va Kambodja oʻrtasidagi toʻqnashuvida oʻzbekistonliklar jabrlanmagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek