Tailand va Kambodja Trampning sulh taklifini qoʻllab-quvvatladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Tailand va Kambodja yetakchilari bilan oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralar oʻtkazganini maʼlum qildi.
U Truth Socialʼda eʼlon qilgan bayonotida, agar qurolli toʻqnashuvlar toʻxtatilmasa, Vashington ushbu ikki davlat bilan savdo aloqalarini davom ettirmasligini taʼkidladi.
Shundan soʻng, Kambodja bosh vaziri Xun Mane Pnompenda rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakat «zudlik bilan va shartsiz oʻt ochishni toʻxtatishga» tayyorligini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu tashabbus ikki davlat harbiylari va xalqi uchun ijobiy oʻzgarish boʻladi.
Xun Mane, shuningdek, tashqi ishlar vaziri Prak Sokxonga AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan keyingi muzokaralarni muvofiqlashtirish, shuningdek, Tailand tashqi ishlar vaziri bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berganini maʼlum qildi.
Tailand ham Trampning vositachiligini ehtiyotkorlik bilan qoʻllab-quvvatladi. Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Pxumtxam Vechaychay Trampga minnatdorchilik bildirar ekan, Bangkok sulh taklifini umumiy tarzda qoʻllab-quvvatlashini aytdi. Biroq u Kambodjadan muammoni hal qilish boʻyicha samimiy yondashuvni kutayotganini taʼkidladi va tomonlarni yaqin kunlarda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralarga chaqirdi.
Eslatib oʻtamiz, ikki davlat oʻrtasidagi ziddiyat payshanba kuni yana keskinlashgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tailand va Kambodja oʻrtasidagi qurolli toʻqnashuvlar kuchayayotgani haqida xabar bergan edi.