
Telegram messenjerida foydalanuvchilarning yoshini aniqlash va voyaga yetmaganlar uchun kontentni cheklashga qaratilgan yangi rasmiy bot paydo bo‘ldi.
Mazkur bot Telegram’ning mini-ilovalar katalogida ishga tushirilgan bo‘lib, foydalanuvchining yoshini telefon yoki kompyuter kamerasidan olingan video orqali aniqlaydi.
Algoritm foydalanuvchining boshini qimirlatish va tabassum qilishni so‘rash orqali haqiqiy yuzni aniqlaydi va boshqa odamlarning suratlaridan foydalanishning oldini oladi. Bot foydalanuvchining voyaga yetgan yoki yetmaganligini aniqlab, bu ma’lumotdan kontent senzurasida foydalanadi.
Natijada voyaga yetmaganlarga erotik mazmundagi materiallar ko‘rsatilmaydi. Ular bunday kontent o‘rniga xiralik va yosh cheklovi belgisini ko‘radi.
Hozircha bu funksiyaning global miqyosda qo‘llaniladimi yoki ayrim davlatlar doirasida cheklanishi noma’lumligicha qolmoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, ushbu choralar Yevropaning ba’zi mamlakatlarida talab etilgan.
Telegram ishlab chiquvchilari videoyozuvlar uchinchi shaxslarga uzatilmasligini va ushbu texnologiyadan faqatgina yoshni aniqlash maqsadida foydalanilishini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegramdagi firibgar akkauntlar haqida shaxsan Pavel Durovga murojaat qilish narxi bo‘yicha ham xabar bergan edi.