4,8 ming dollarlik Bestune Pony elektromobili Xitoyda taqdim etildi

28-iyul 2025 21:42 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: FAW bestune

Bestune Pony 2026 elektromobili Xitoyda rasman taqdim etildi. Eng arzon varianti atigi $4,8 mingga baholangan. Bu haqda Carnews China nashri xabar berdi.

Yangi model 27-iyul kuni Jilin viloyatining Changchun shahrida bo‘lib o‘tgan FAW Bestune’ning an’anaviy Fan Cooling Festival tadbirida ilk bor ommaga namoyish qilindi.

Foto: FAW bestune

Avvalgi ko‘rinishini saqlab qolgan Pony — uch eshikli va to‘rt o‘rindiqli mikro elektromobil bo‘lib, o‘zining keskin chiziqlari va to‘g‘ri burchakli korpusi bilan ajralib turadi. Har qanday komplektatsiyada mashina CLTC standartiga ko‘ra 222 kilometr masofani bir quvvatda bosib o‘tishga qodir.

Mashinaning o‘lchamlari o‘zgarmagan — 3 metr uzunlik, 1,51 metr kenglik va 1,63 metr balandlikka ega. Uning yurish qismi 1 953 mm g‘ildirak bazasiga tayanadi.

Foto: FAW bestune

Dastlabki modeldan farqli o‘laroq, 2026-yildagi yangilanishlar texnologik qulayliklarga e’tibor qaratgan: yangi 10,1 dyuymli sensorli ekran, Bluetooth kalit, ovozli boshqaruv, OTA orqali dasturiy ta’minot yangilanishi, intellektual yordamchi va harakat yozuvchisi kiritilgan. Endilikda past tezlikda siljish funksiyasi ham mavjud.

Foto: FAW bestune

Bestune Pony orqaga o‘rnatilgan doimiy magnitli sinxron motor orqali harakatlanadi. U 30 kVt (42 ot kuchi) quvvat va 90 Nm aylanish momentini ta’minlaydi. Litiy temir fosfat akkumulyatori 18,11 kVt/soat hajmga ega bo‘lib, to‘liq quvvatda 222 kilometr yuradi.

Ma’lumot uchun, Bestune — FAW kompaniyasining asosiy brendi hisoblanadi. Pony elektromobili ilk marta o‘tgan yili 28 900 yuandan ($4 ming atrofida) boshlang‘ich narx bilan bozorga chiqarilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan FAW Audi va Huawei hamkorligida yangi Q6L e-tron taqdim etilgani haqida yozgandi.

Shuningdek