7,5 yilga qamalgan «Toshshahartansxizmat» sobiq rahbari yarim yilda ozod etildi

«Toshshahartansxizmat» AJ sobiq rahbari Anvar Joʻrayev va yana 19 kishiga oid jinoyat ishi apellyatsiya instansiyasida koʻrib chiqildi. Sud birinchi instansiya qarorini oʻzgartirib, Joʻrayevga nisbatan 7,5 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosini 4,5 yillik ozodlikni cheklash jazosiga almashtirdi.
Sud Joʻrayevga 3 yil davomida «Toshshahartansxizmat» tizimida rahbar yoki moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlashni taqiqladi. Shuningdek, unga yashash joyini nazorat organi ruxsatisiz tark etmaslik, Oʻzbekistondan chiqmaslik hamda ommaviy tadbirlarda qatnashmaslik kabi cheklovlar belgilandi. Qamoqqa olish ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalidan ozod etildi.
Eslatib oʻtamiz, Anvar Joʻrayev 2024-yil fevral oyida hibsga olingan va 2025-yil 3-fevral kuni Olmazor tumani sudi tomonidan 7,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi.
Joʻrayev sudda oʻziga qoʻyilgan ayblovlarni rad etgan va ehtiyot qismlar talon-toroj qilinayotgani haqida faqat tergov chogʻida xabardor boʻlganini bildirgandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoroda soliq inspeksiyasi xodimi pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edi.