
Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a va Beruniy tumanlari oralig‘ida joylashgan Aqchako‘l suv havzasida bir oilaning uch a’zosi cho‘kib vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
23-iyul kuni Beruniy tumanining Do‘stlik mahallasida yashovchi 38 yoshli erkak turmush o‘rtog‘i, farzandlari va jiyanlari bilan dam olish maqsadida Aqchako‘lga borgan. U shaxsiy qayig‘ida suvga tushgan, biroq qayiq ko‘l o‘rtasiga yetganda ehtiyotsizlik oqibatida cho‘kib ketgan.
Fojia natijasida fuqaroning turmush o‘rtog‘i hamda 10 va 13 yoshli qizlari suvga cho‘kib, voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘limi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Turkiyada o‘zbekistonlik ayol otishmada halok bo‘lgani haqida yozgan edi.