Davlat organlarida ijro intizomi ustuvor vazifaga aylantiriladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, qonunlar va prezident hujjatlari ijrosini samarali nazorat qilish, hududlardagi islohotlar natijadorligini baholash va ijro intizomini mustahkamlash asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Ijro intizomini mustahkamlashda sun’iy intellekt texnologiyalari qo‘llaniladi, shuningdek, davlat tashkilotlaridagi ijro bo‘linmalari to‘g‘ridan to‘g‘ri birinchi rahbarga bo‘ysunadigan mustaqil tuzilma sifatida qayta tashkil qilinadi. Ularning xodimlari har uch yilda bir marta malaka oshiradi.
Bundan tashqari, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab Adliya vazirligi tarkibida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Hukumat hujjatlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi tashkil etiladi. Yangi boshqarma 20 shtat birligidan iborat bo‘ladi.
Hisob palatasiga esa prezident hujjatlari asosida ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qilish, ularning samaradorligini tahlil qilish va tegishli kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish vazifalari yuklatildi. Buning uchun budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining qisqartiriladigan shtatlari hisobidan Hisob palatasiga 10 ta boshqaruv shtati ajratiladi.
Bundan buyon prezident, Vazirlar Mahkamasi va boshqa hukumat topshiriqlari ijrosini baholash amaliyoti ham joriy qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan hisob palatasi endilikda nazorat qiluvchi emas, hamkor idoraga aylantirilishi haqida xabar bergan edi.