Yangiliklar

Germaniyada yo‘lovchi poyezdi izidan chiqib ketdi

50 kishi tan jarohati olgan
poyezd
Germaniyada yo‘lovchi poyezdi halokatga uchradi / Foto: EPA

Germaniyada 100 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan poyezd izidan chiqib ketdi. Bu haqda Al Jazeera xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, yuz bergan temiryo‘l halokati oqibatida kamida 3 kishi halok bo‘ldi, yana 50 kishi turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Ulardan 25 nafari og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda.

Fojia yakshanba kuni kechqurun Baden-Vyurtembergda joylashgan Riedlingen shahri yaqinidagi o‘rmonli hududda yuz berdi. Ushbu joy Myunxen shahridan 158 km g‘arbda joylashgan.

Mahalliy yong‘in xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida poyezd mashinisti va Deutsche Bahn kompaniyasi xodimi ham bor. Deutsche Bahn ikki vagon noma’lum sabablarga ko‘ra relsdan chiqib ketganini tasdiqladi. Halokatdan so‘ng temiryo‘lning 40 kilometrga yaqin qismida harakat vaqtincha to‘xtatildi.

Hozirda tergov va texnik tekshiruv ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Bangladeshda harbiy samolyot maktab binosiga qulab tushgani haqida yozgan edi.