Aqlli so’mlar

Omonatdan ham ko‘proq daromad topish yo‘li: O‘zbekiston birjasida ilk qadam

Ushbu maqolada O‘zbekiston birjasiga ilk qadamlarni qo‘yayotganlar uchun bosqichma-bosqich yo‘riqnoma taqdim etiladi
Фондовая биржа
Как заработать на фондовой бирже Узбекистана / Фото: www.depositphotos.com

«Toshkent» Respublika fond birjasida savdoga qo‘yilgan obligatsiyalar bugungi kunda yillik 29% gacha daromad keltirmoqda. Bu hattoki eng foydali bank omonatlaridan ham yuqori. Sarmoya kiritishni boshlash uchun esa atigi 10 000 so‘m va smartfonning o‘zi kifoya. Jett investitsiya xizmati orqali hisob ochish va ilk qimmatli qog‘ozni xarid qilish bor-yo‘g‘i yarim soat vaqt oladi – ofisga borish yoki murakkab jarayonlarga hojat yo‘q.

Ushbu maqolada O‘zbekiston birjasiga ilk qadamlarni qo‘yayotganlar uchun bosqichma-bosqich yo‘riqnoma taqdim etiladi.

Ushbu maqola orqali nimalarni bilib olasiz:

Nega aynan bugundan investitsiya qilishni boshlash kerak

Inflyatsiya sharoitida karta yoki «yostiq ostida» saqlanayotgan pullar asta-sekin o‘z xarid qobiliyatini yo‘qotadi. Bunday vaziyatda muqobil yechim – nafaqat kapitalni saqlab qoladigan, balki daromad ham keltiradigan moliyaviy vositalarga sarmoya kiritishdir. Obligatsiya va aksiyalar esa ana shunday vositalar sirasiga kiradi.

O‘zbekiston fond bozori jadal rivojlanmoqda. 2025-yilning birinchi yarmida «Toshkent» Respublika fond birjasining barcha savdo maydonchalarida umumiy qiymati qariyb $1 milliardga teng bitimlar amalga oshirilgan. Bu 2024-yilning shu davriga nisbatan 17 baravar ko‘p deganidir.

Jett investitsiya servisining asoschisi Tolibjon Mirzaqulovning fikricha, O‘zbekiston fond bozorining salohiyati katta.

«Mamlakat iqtisodiyoti o‘smoqda, aholi farovonligi oshib bormoqda. Jamg‘arish va investitsiya kiritishga qodir yangi o‘rta sinf shakllanmoqda. Shu bilan birga, fond bozorimiz ham shakllanib, rivojlanmoqda. Bu hali boshlanishi – yaqin yillarda xususiy investorlar sonining keskin ortishi, shuningdek, yangi vositalar, jumladan, islomiy moliya va texnologik IPO’lar yo‘nalishida ilk qadamlar tashlanadi», deya izoh beradi platforma asoschisi.

Investitsiyani boshlash uchun qancha mablag‘ kerak

Investitsiya qilish katta mablag‘ talab qiladi — bu keng tarqalgan afsonalardan biri. Aslida esa O‘zbekistonda sarmoyani atigi 100 ming so‘m bilan ham boshlash mumkin: ayrim obligatsiyalar aynan shuncha turadi. Ba’zi aksiyalar esa atigi 50 so‘mdan ham arzon narxda sotilmoqda. Masalan, 22-iyul holatiga ko‘ra, «Hamkorbank»ning oddiy aksiyalarining bir donasi uchun taxminiy narx 29 so‘mni tashkil qilgan. Bu esa fond bozorini deyarli har bir kishi uchun ochiq va qulay qiladi.

Ko‘pchilik investitsiyani texnik to‘siqlari sababli murakkab jarayon deb hisoblaydi. Biroq Jett jamoasi bu jarayonni iloji boricha sodda va tushunarli qilishga harakat qilgan.

«Biz foydalanuvchi hech qanday texnik to‘siqlarsiz investitsiyaga kirishishi uchun qulay sharoit yaratishga e’tibor qaratdik: masofadan identifikatsiyadan o‘tish, brokerlik hisobini ochish va uni bevosita telefondan to‘ldirish imkonini taqdim etdik. So‘rov yuborish atigi 5 daqiqa vaqt oladi, yarim soat ichida esa investitsiya qilishni boshlash mumkin», deydi Mirzaqulov.

Mirzaqulovning aytishicha, foydalanuvchilarning aksariyati investitsiyani kichik summalardan – 100 mingdan 500 ming so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ bilan boshlaydi. Bu ularga servis qanday ishlashini sinab ko‘rish imkonini beradi.

«Odamlar tekshiradi: pul hisobga tushadimi, qimmatli qog‘oz sotib olish mumkinmi, mablag‘ni yana kartaga qaytarib olish imkoni bormi. Bu tabiiy ehtiyotkorlik, ayniqsa, Jett bozorda ilk investitsiya platformalaridan biri ekanini inobatga olsak», — deya ta’kidlaydi Jett rahbari.

Vaqt o‘tishi bilan foydalanuvchilarning o‘rtacha investitsiya portfeli hajmi oshib bormoqda. Agar 2023-yilda bu ko‘rsatkich $40 dan sal ko‘proqni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda u $100 dan oshgan. Bu esa investorlar tajribasi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Ilk qimmatli qog‘ozni qanday tanlash kerak

Yangi foydalanuvchilar ko‘pincha ilk tanlovda xatoga yo‘l qo‘yishdan cho‘chiydi. Aslida bu – tabiiy holat. Eng muhimi, soddaroq variantdan boshlash. Odatda yangi investorlar uchun obligatsiyalar tavsiya etiladi, chunki ular belgilangan daromad keltiradi va aniq parametrlarga ega.

Obligatsiyalarni tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak:

  • muomala muddati — ya’ni asosiy qarz qancha vaqtdan keyin qaytariladi;
  • daromadlilik — siz oladigan foiz stavkasi;
  • kompaniya yoki bankning ishonchliligi.

«Oldin foydalanuvchilar ko‘proq aksiyalardan boshlashgan. Bu ularga biznesning bir qismiga egalik qilish sifatida qiziq tuyulgan. Lekin 2025-yilda depozitlar bo‘yicha stavkalar pasaydi, obligatsiyalar bo‘yicha esa oshdi va ularga ham qiziqish sezilarli ortdi. Agar 2023-yilda obligatsiyalarning savdolardagi ulushi atigi 2,5% bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda u 40% atrofida», — deya tushuntiradi Mirzaqulov.

Obligatsiya yoki aksiyani qanday sotib olish mumkin: bosqichma-bosqich yo‘riqnoma

1-qadam. Ilovani yuklab olish va identifikatsiyadan o‘tish

Jett xizmati bir necha platformalarda mavjud. Ulardan biri – Google Play yoki App Store’dan topish mumkin bo‘lgan Multicard ilovasi. Ilova o‘rnatilgach, foydalanuvchi identifikatsiyadan o‘tishi kerak: pasport yoki ID ma’lumotlarini kiritib, selfi tushiladi.

Shuningdek, Jett bir qator bank ilovalari bilan ham integratsiyalashgan. Ular orasida Davr Mobile (unda «Bankim» bo‘limi orqali), Alif Mobi, Zoomrad, MyUztelecom, Trastpay, OFB Mobile, Milliy va Garant Bank ilovalari mavjud. Ushbu ilovalar orqali ham Jett xizmatidan foydalanish mumkin.

2-qadam. Brokerlik hisobini ochish yoki mavjud hisobni qo‘shish va balansni to‘ldirish

Qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilish uchun brokerlik hisobi kerak bo‘ladi. Xarid uchun kerakli mablag‘ ushbu hisobga tushiriladi, shuningdek, qimmatli qog‘ozlarni sotishdan keladigan daromad ham aynan shu hisobga o‘tkaziladi.

Ilovada hisob ochish uchun ariza topshirish va hisob faollashtirilishini kutish lozim. Agar sizda allaqachon brokerlik hisobi mavjud bo‘lsa, login, parol va broker kompaniya nomini kiritish kifoya.

Shundan so‘ng balansni to‘ldirish mumkin bo‘ladi va siz investitsiyani boshlashingiz mumkin.

Sotib olish uchun misol: Agat Credit obligatsiyasi

Jett ilovasining interfeysi oddiy va tushunarli. Ushbu maqola muallifi tajriba sifatida Agat Credit obligatsiyasidan bir dona xarid qildi. Bu 29% yillik daromad taklif qilayotgan mikromoliya kompaniyasidir. Qog‘ozning nominal qiymati 100 000 so‘m bo‘lib, daromad aynan shu summaga hisoblanadi. Agar 100 dona obligatsiya (ya’ni 10 million so‘mlik) sotib olinsa, yillik 2,9 million so‘m daromad olish mumkin. To‘lovlar har oyda amalga oshiriladi.

Mazkur emissiyaning to‘liq hajmi allaqachon joylashtirilgan bo‘lgani sababli obligatsiyalar faqat ikkilamchi bozorda, ya’ni boshqa investorlar orqali sotib olinadi. Ilovada ularning joriy narxi ko‘rsatiladi: maqola yozilgan paytda bu narx 102 700 so‘mni tashkil qilgan.

E’tiborga olish kerak bo‘lgan jihatlardan biri obligatsiya narxi sotib olingan kunga qarab o‘zgaradi. Chunki obligatsiya narxiga shu kungacha to‘plangan kupon daromadi (bizning holatda – 2 700 so‘m) ham qo‘shiladi. Shu sababli daromadlilikni hisoblashda sotib olish narxidan emas, balki nominal qiymatdan kelib chiqish lozim.

Ammo limit narxni belgilash mumkin, yaʼni obligatsiyani qaysi narxda sotib olishga tayyor ekanligingizni koʻrsatasiz. Agar bu narxda sotishga sotuvchi topilsa, bitim amalga oshiriladi. Hozirda narxlar oraligʻi 82 160 soʻmdan 123 240 soʻmgacha. Narx qancha yuqori boʻlsa, daromadlilik shuncha kam boʻladi.

Bizning misolimizda xaridor obligatsiyani bozor narxida – 102 700 soʻmga sotib oldi. Sotib olish bilan bogʻliq barcha vositachilik xarajatlari (broker, birja, depozitariy va boshqa xizmatlar) 673,20 soʻmni tashkil etdi. Natijada umumiy xarid summasi 103 373,20 soʻm boʻldi.

Aksiyani ham xuddi shu tartibda xarid qilish mumkin. Biroq muhim jihati shundaki, aksiyalar bu boshqa turdagi moliyaviy vosita. Ular bo‘yicha daromad, birinchidan, aksiyaning bozor narxiga, ikkinchidan esa dividendlarga bog‘liq bo‘ladi. Dividendlar esa bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin – bu haqdagi qaror aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida qabul qilinadi.

Shuningdek, xatarlarni ham yoddan chiqarmaslik kerak: dividendlar to‘lanmasligi mumkin, aksiyalar narxi esa pasayib ketishi ehtimoli mavjud.

Qo‘llab-quvvatlash va ta’lim: siz yolg‘iz emassiz

Investitsiya yo‘lini endi boshlayotganlar ko‘pincha o‘ziga bo‘lgan ishonchni his qilmaydi. Shu sababli Jett ilovasida o‘quv va tahliliy vositalar taqdim etilgan:

  • Bozor skrineri
    Qaysi qimmatli qog‘ozlar ayni damda faol sotuvda ekanini, ularning narxi o‘sayotganini yoki pasayayotganini tezda ko‘rish imkonini beradi.
  • Portfel tahlili (PnL)
    Jett har bir qimmatli qog‘oz va butun investitsiya portfeli bo‘yicha daromadlilikni ko‘rsatadi. Bunda xarid narxi va barcha komissiyalar hisobga olinadi.
  • TradingView grafiklari
    Ilova dunyodagi eng mashhur texnik tahlil platformalaridan biri — TradingView bilan integratsiyalashgan. Unda 200 dan ortiq indikatorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri ilova ichida mavjud.
  • Fundamental tahlil
    Jett servisi OpenInfo korporativ ma’lumotlar bazasi bilan bog‘langan. Emitentlarning barcha moliyaviy hisobotlari tizimga kelib tushadi va ular grafiklar hamda fayllar ko‘rinishida taqdim etiladi.

«Biz doim foydalanuvchilarning fikrlariga quloq tutamiz, eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni joriy qilamiz va investitsiyani yanada oddiy hamda tushunarli qiladigan yangi funksiyalarni qo‘shamiz», — deya ta’kidlaydi Mirzaqulov.

Xo‘sh, keyingi qadam nima

Qimmatli qog‘ozlarni (obligatsiyalar) xarid qilganingizdan so‘ng, sizga to‘lovlar tusha boshlaydi yoki (aksiyalar bo‘lsa) ularning narxi oshishini kutasiz. Lekin eng muhimi — muntazam ravishda har oy investitsiya qilish odatini shakllantirish.

«Bizning kuzatishlarimizga koʻra, birinchi marta investitsiya qilganlar kamdan-kam hollarda shu bilan to‘xtab qolishadi, — deydi Jett asoschisi. — Ular bozorga qiziqa boshlashadi, bizning Telegram’dagi Jett Investors Club hamjamiyatimizga qo‘shilishadi, maslahat va qo‘llab-quvvatlash olishadi, investitsiya faoliyatini davom ettirishadi. Bu esa mamlakatda investorlar tajribasi va moliyaviy yetukligi ortib borayotganini ko‘rsatadi”.