
O‘zbekiston sport delegatsiyasi Germaniyada bo‘lib o‘tgan 2025-yilgi Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida umumiy hisobda 15 ta medal qo‘lga kiritib, 113 ta davlat orasida 13-o‘rinni egalladi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
O‘zbekiston terma jamoasi musobaqani 4 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza medali bilan yakunladi. Bu natija O‘zbekiston Universiada tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Medal keltirgan sport turlari qatoriga suzish, badiiy gimnastika, yengil atletika, taekvondo WT va dzyudo kiradi.
Musobaqada dunyoning 113 mamlakatidan 5 mingdan ortiq talaba sportchilar 18 ta sport turi bo‘yicha medallar uchun bellashdi. Yakunda Yaponiya 34 ta oltin, 21 ta kumush va 24 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Xitoy 30 ta oltin bilan ikkinchi, AQSh esa 28 ta oltin bilan uchinchi o‘ringa joylashdi.
Medal soni bo‘yicha esa AQSh (84 ta) yetakchilik qildi. Kuchli o‘nlikdan Koreya Respublikasi, Italiya, Germaniya va Janubiy Afrika ham o‘rin oldi. Qo‘shni Qozog‘iston 37-o‘rinni, Qirg‘iz Respublikasi esa 38-o‘rinni band etdi.
Avvalgi Universiadalarda O‘zbekiston 2013-yilda Qozonda 24-o‘rinni, 2019-yilda Neapolda esa 19-o‘rinni egallagan edi. 2025-yilgi natija esa hozirgacha eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat xalqaro snayperlar musobaqasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.