O‘zbekistonda yarim yilda 17 mingdan ortiq mahkumlar muddatidan oldin ozodlikka chiqqan

O‘zbekistonda 2025-yilning dastlabki olti oyida 17 mingdan ortiq shaxs jazoni to‘liq o‘tamasdan ozodlikka chiqqan. Yana qariyb 5,5 ming nafar fuqarolarga yengilroq jazo choralari qo‘llanilgan. Bu haqda Oliy sud tahlillari e’lon qilindi.
So‘nggi besh yarim yil ichida bunday tartibda ozod etilganlar soni 155 mingga yaqinlashdi. Avvalgi yillarda ham bu ko‘rsatkich barqaror o‘sish bilan davom etgan. Bu esa jinoyatni sodir etgan shaxslarning tuzalish imkoniyatiga ega bo‘lishi, jazoni ijro etish muassasalaridagi tartib-intizomga rioya qilgan mahkumlar uchun ikkinchi imkoniyat yaratilayotganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, 2024-yilda sudlar tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxslar soni so‘nggi besh yildagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi – 20 mingdan oshdi. Bu esa jinoyatlar sonining ham ortib borayotganini, xususan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortilayotganlar safi kengayganini bildiradi.
Shuningdek, 2025-yilning birinchi yarmida sudlar tomonidan oqlanganlar soni sezilarli darajada kamaygan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,5 baravarga kam. Bu esa sudlovdagi isbotlash darajasi va tergov-tahlil jarayonlari sifatiga aloqador bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 7,5 yilga qamalgan «Toshshahartansxizmat» sobiq rahbari yarim yilda ozod etilgani haqida yozgandi.