Pavel Durov Parijda yana so‘roq qilindi — OAV

Telegram messenjeri hammuassisi Pavel Durov 28-iyul kuni Parij sudi tomonidan takroran so‘roq qilindi. Bu haqda fransuz nashriga tayangan holda TASS xabar berdi.
Unga ko‘ra, Durov mahalliy vaqt bilan 28-iyul kuni ertalab soat 10:00 da Parij sudiga yetib kelgan. Nashr yozishicha, tadbirkor vaziyat bo‘yicha hech qanday izoh bermagan. Durovni ushbu ish bo‘yicha mas’ul ikki tergovchi sudya so‘roq qilgan.
Avvalroq Telegram asoschisi sudning ruxsati bilan Fransiyani tark etib, Dubayga joʻnab ketgandi.
Bungacha Durov 2024-yil avgust oyida hibsga olinganidan beri Fransiyada edi. U Yevropa huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganlikda, firibgarlikda, bolalar pornografiyasini tarqatishda va boshqa kiberjinoyatlarda ayblangan.
Tadbirkor xizmatning butun 12 yillik tarixida hech qachon foydalanuvchilarning shaxsiy xabarlarini oshkor qilmaganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram faqat jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarning IP manzillari va telefon raqamlarini taqdim etishga tayyor. Biroq bu faqat sud qarori mavjud bo‘lsa va xabarlarning mazmuni uzatilmasa sodir bo‘ladi.