Samarqanddagi 12 qavatli bino sud qarori bilan buzilmoqda

Samarqandda noodatiy konstruksiyadagi 12 qavatli binoni buzish boshlandi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro o‘ziga tegishli uyning bir qismini buzib, uning o‘rniga mehmonxona qurishni boshlagan. Biroq bu ishlar amaldagi shaharsozlik qonunchiligi talablari buzilgan holda olib borilgan.
Qurilishga tuman hokimligi yoki qurilish bo‘limi tomonidan hech qanday ruxsatnoma berilmagan. Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i, loyiha-smeta hujjatlari, muhandislik geologiyasi asoslari ishlab chiqilmagan va tasdiqlanmagan. Qurilish materiallariga oid sertifikat va pasportlar taqdim etilmagan. Binoning seysmik holati esa mutaxassislar tomonidan xavfli deb topilgan.
Bundan tashqari, «Konstant Proyekt» va «Triumf Proyekt» MChJlar tomonidan loyiha hujjatlari to‘liq tayyorlanmasdan, asossiz xulosalar berilgan.

Qurilish ishlari davomida tuman qurilish bo‘limi va hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan bir necha bor qurilishni to‘xtatish ko‘rsatmalari berilgan. Biroq Furqat Xalilov tomonidan bu ogohlantirishlarga e’tibor berilmasdan, ishlar davom ettirilgan. Hatto 2016-yilda binoning texnik holatini o‘rganish jarayonida kuchaytirish zarurati aniqlangan bo‘lsa-da, tegishli loyihalar ishlab chiqilmagan va ekspertiza xulosalari olinmagan.
Mehmonxona egasi esa yig‘lab, binoni buzmaslikni so‘rab murojaat qilgan edi.
O‘tkazilgan tekshiruvlar va hujjatlarga asosan, respublika komissiyasi hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi 2022-yil 6-iyul kuni Furqat Xalilovga mazkur noqonuniy qurilgan 12 qavatli bino-inshootni o‘z hisobidan buzish haqida qaror chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uchtepada qurilayotgan ko‘p qavatli uylar faoliyati to‘xtatilgan edi.