Tadbirkorlar bojxonada qolib ketgan avtomobillarni qayta rasmiylashtirish taklifini berdi

eʼlon qilindi
Taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritilishi bildirildi
Tadbirkorlar bojxonada qolib ketgan avtomobillarni qayta rasmiylashtirish taklifini berdi / Foto: RBK

28-iyul kuni Toshkentda transport-logistika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda tadbirkorlar sohadagi muammolar va takliflarni ilgari surishdi.

«Zari Lagist» MChJ ta’sischisi o‘tgan yildan beri bojxonada turib qolgan avtomobillarni qayta rasmiylashtirishga ruxsat berishni so‘radi. Unga ko‘ra, ilgari yuk avtomobillarini O‘zbekistonga olib kirishda imtiyozlar mavjud bo‘lgan, biroq hisob-fakturada kichik xatolik tufayli bir nechta avtomobillari rasmiylashtirilmay qolgan.

«Shu avtomobillar kreditga olingan, pulini to‘lab, uni qaytarib olishning iloji yo‘q. Prezidentimiz fevral oyida imtiyoz muddatini uzaytirish bo‘yicha topshiriq bergan edilar, ammo u amalga oshmadi. Iltimos, hech bo‘lmaganda o‘tgan yildan qolgan avtomobillarni rasmiylashtirishga ruxsat berilsin», — deya murojaat qildi u.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov masalani o‘rganib, bojxonada qolgan avtomobillar soni haqida ma’lumot yig‘ilib, bu taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritilishini bildirdi.

Yana bir tadbirkor kelgusida olib kelinadigan yuklar uchun o‘tgan yilgi chegirmalarni saqlab qolishni taklif qildi. U transport hajmini 200 tadan 2000 taga yetkazishni rejalashtirayotganini, imtiyozlar berilsa, bu biznes-rejani amalga oshirish osonlashishini ta’kidladi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov esa mamlakatga qancha yuk kirayotganini va necha dona avtotransport vositasiga ehtiyoj borligini aniqlash bo‘yicha tahlillar olib borilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Murad Buildings kompaniyasi asoschisi daraxt kesishga joriy etilgan moratoriyni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgan edi.

Shuningdek