Tailand va Kambodja o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi

eʼlon qilindi
Muzokaralar Kualalumpur yaqinidagi bosh vazir qarorgohida bo‘lib o‘tdi
Tailand va Kambodja o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Foto: Mohd Rasfan/Pool/AFP via Getty Images

Tailand va Kambodja o‘zaro chegara hududidagi bir necha kunlik to‘qnashuvlardan so‘ng «zudlik bilan va shartsiz o‘t ochishni to‘xtatish» bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.

Kelishuv mahalliy vaqt bilan yarim tunda (Toshkent vaqti bilan soat 01:00) kuchga kiradi.

Bu haqda o‘t ochishni to‘xtatish muzokaralariga vositachilik qilgan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim ma’lum qildi. Muzokaralar Kualalumpur yaqinidagi bosh vazir qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Unda Kambodja Bosh vaziri Hun Manet va Tailandning vaqtincha bosh vaziri Phumtam Vechayachay ishtirok etdi.

Har ikki tomon oxirgi qurolli to‘qnashuvlar uchun bir-birini ayblab kelayotgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi bir necha kunlik ziddiyatlar natijasida kamida 35 kishi halok bo‘lgan, yana 200 dan ortiq odam jarohatlangan. Chegara borasidagi mojarolar esa o‘n yillar davomida yechimsiz qolgan.

Birgalikdagi matbuot anjumanida ikki davlat yetakchilari jangovar harakatlar darhol to‘xtatilishini e’lon qilishdi. Biroq dushanba kuni ertalab ham ayrim hududlarda janglar davom etgani haqida xabarlar kelgan. Kambodja rasmiylari Tailand ikki joyga hujum qilganini bildirgan bo‘lsa, Tailand armiyasi uchta viloyatda otishmalar bo‘layotganini ma’lum qilgan.

Tailandning Surin viloyatidagi evakuatsiya markazida yashayotgan fuqarolar o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi e’londan so‘ng quvonch bilan nishonlashdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tailand va Kambodja rahbarlari Malayziyada tinchlik muzokaralarini boshlangani haqida yozgandi.

Shuningdek