
Termizda 1,3 mlrd so‘mlik gaz noqonuniy ishlatilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida joylashgan MChJga qarashli noturar binoda gaz tarmog‘iga noqonuniy ravishda to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, tabiiy gazdan ruxsatsiz foydalanib kelingani aniqlangan.
Natijada 1,3 milliard so‘mlik, ya’ni 439 ming kub metr tabiiy gaz talon-toroj qilingan. Ayni paytda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq joriy yilda 622 mlrd so‘mlik energiya resurslari noqonuniy ishlatilgani haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, joriy yilning shu davrigacha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 1 394 ta iste’molchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Ushbu holatlarda 118,8 mln metr kub tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgan.