Yangiliklar

«Yerusti halqa yo‘li»dagi yana 6 ta metro bekati 2-avgustdan vaqtincha yopiladi

«Texnopark – Qipchoq – Texnopark» yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida bepul metrobuslar yo‘lga qo‘yiladi
Foto: Yandex.uz

2025-yil 2-avgustdan boshlab «Yerusti halqa yo‘nalishi»ning «Texnopark» – «Yangiobod» oralig‘idagi 6 ta bekatda metro poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» DUK ma’lum qildi.

Bu chora metro poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash, bekatlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish va profilaktik ta’mirlash ishlarini olib borish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Jahon tajribasiga ko‘ra, bunday ishlovlar metropoliten xizmatining sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, «Texnopark – Qipchoq – Texnopark» yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida bepul metrobuslar yo‘lga qo‘yiladi. Katta sig‘imli avtobuslar har kuni ertalab soat 05:00 dan kechki 23:00 gacha qatnaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent metrosida 13 ta bekatdagi chipta sotadigan kassalar yopilishi haqida xabar bergan edi.