Turkiyada bitta matras sabab o‘rmonga o‘t ketdi

Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya 22–27-iyul kunlari mamlakatdagi o‘rmon yong‘inlari yuzasidan yetti nafar gumonlanuvchi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu fuqarolardan biri eski matrasni yoqishga uringan va natijada yong‘in yaqin atrofdagi o‘rmon hududiga tarqalgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olingan yetti kishidan uchtasi hibsga olingan, to‘rt nafari esa mamlakatdan chiqmaslik majburiyati bilan ozod qilingan. Ushbu holatlar Sakarya va Balikesir viloyatlarida sodir bo‘lgan yong‘inlar bilan bog‘liq bo‘lib, ular allaqachon o‘chirilgan. Biroq Karabuk viloyatida sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirish ishlari besh kundan beri davom etmoqda.
Xususan, Sakarya viloyatida yashovchi fuqaro eski matrasni yoqishga qaror qilgan, biroq olov tezda o‘rmonga tarqalgan va u hibsga olingan.
Shuningdek, iyul oyining boshida ham Manisa viloyatida yana bir erkak kanani o‘ldirmoqchi bo‘lib, 12 gektarlik o‘rmon yong‘inini keltirib chiqargan.
Turkiya ekologiya va shaharsozlik vaziri Murat Kurum o‘tgan haftadagi o‘rmon yong‘inlari natijasida 104 ta ko‘chmas mulk jiddiy zarar ko‘rganini yoki butunlay vayron bo‘lganini bildirdi.
Bundan oldin Kursiv Uzbekistan Bo‘stonliqdagi tog‘li hududda yong‘in chiqqani haqida yozgandi. Unda Bo‘stonliq tumani «Xo‘jakent» MFY tog‘li hududidagi 2 gektar maydonda quruq o‘t va shox-shabba yongandi.