Yangiliklar

Dollar 12 500 so‘mga tushdi, Kattaqo‘rg‘on shahri hududi kengaymoqda — 29-iyulning muhim yangiliklari

Dollar 12 500 so‘mga tushdi
Foto: e-cis.info

12 500 so‘mga tushgan dollar, benzin eksportini taqiqlagan Rossiya, foiz stavkasi pasaygan avtokreditlar, hududi kengaytirilishi rejalashtirilayotgan Kattaqo‘rg‘on shahri, $500 millionlik investitsiya fondi — Kursiv Uzbekistan 29-iyulda yuz bergan muhim voqealarni bitta materialga jamladi.

Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar dublikatini olish osonlashdi

Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlarni olish tartibi qanday
Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlarni olish tartibi qanday / Foto: Openshkola

Fuqarolar ushbu xizmatdan foydalanish uchun endi nafaqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali, balki bevosita Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari ham mumkin.

Iyul oyida banklardagi muammoli kreditlar 1,65 trillion so‘mga kamaydi

Muammoli kreditlar
Foto: MaksLab/Depositphotos

1-iyul holatiga ko‘ra, banklardagi muammoli kreditlar umumiy miqdori 21,9 trln so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich 1-iyun bilan solishtirilganda 0,7 foizga, ya’ni 1,65 trln so‘mga kamaygan. Iyun oyida bu ko‘rsatkich 23,5 trln so‘mni tashkil etgandi.

«Yashil belgi» ekologik markirovka tartibi belgilandi

"Yashil belgi" — ekologik markirovka tartibi belgilandi
«Yashil belgi» — ekologik markirovka tartibi belgilandi / Foto: Hemp King

Mazkur Nizom ekologik markirovka olish uchun ariza topshirish, mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish, xorijiy tizimlarni tan olish, ekspertiza o‘tkazish va belgini qo‘llash tartiblarini o‘z ichiga oladi. Ariza yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi va 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Rossiya yoz oxirigacha benzin eksportini to‘liq taqiqladi

Rossiya yoz oxirigacha benzin eksportini to‘liq taqiqladi. Foto: Autonews.ru

Rossiya hukumati 2025-yil 31-avgustga qadar benzin eksporti uchun to‘liq cheklovlarni joriy etdi. Ushbu cheklov barcha kompaniyalar, xususan, ishlab chiqaruvchilarga ham tegishli bo‘ladi.

Sankt-Peterburgda migrantlarga taksichilik qilish taqiqlanadi

Taxi
Sankt-Peterburgda migrantlarga taksichilik qilish taqiqlanadi. Foto: Unsplash

Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov 2025-yil oxirigacha patent asosida ishlayotgan muhojirlarga taksi haydashni taqiqladi. Bunda ish beruvchilarga hozir ishlayotgan muhojir haydovchilar bilan amaldagi mehnat munosabatlarini yakunlashi uchun uch oy vaqt beriladi.

Banklardagi avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi pasaydi

Kredit foiz stavkasi
Foto: LinkedIn

28-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 34,9 foizni tashkil etmoqda. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarzlardan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 23,4 foizni, yuridik shaxslar ulushi esa 22,8 foizni ko‘rsatmoqda.

Fond bozori: «Hamkorbank» aksiyalari yana deyarli 9 foizga qimmatlashdi

«Biznesni rivojlantirish banki» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 9,26 foizga qimmatlashdi. Foto: visuals6x / depositphotos

O‘tgan hafta mobaynida «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da «Biznesni rivojlantirish banki» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 9,26 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Hamkorbank»ning oddiy aksiyalari (+8,78%) va «Aloqabank»ning (+7,87%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.

Biroq «Hamkorbank»ning imtiyozli aksiyalari 7,85 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. «O‘zbektelekom» (-6,93%) va «O‘zRTXB» aksiyalari (-4,71%) ham pasayish bilan ajralib turdi.

ChatGPT bilan suhbatlar sud talabiga ko‘ra taqdim etilishi mumkin

ChatGPT yangilandi
ChatGPT suhbatlar sud talabiga ko‘ra taqdim etilishi mumkin. Foto: Didem Mente/Anadolu Agency/Getty Images

OpenAI rahbari Sem Altmanning ta’kidlashicha, ChatGPT bilan bo‘lgan suhbatlar shifokor, yurist yoki psixoterapevt bilan olib boriladigan suhbatlardek huquqiy himoyaga ega emas. Unga ko‘ra, hozirgi kunda ko‘plab odamlar, ayniqsa yoshlar, SI’dan psixologik yordam, hayotiy maslahat yoki munosabatlar bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishda foydalanmoqda. Biroq bu suhbatlar maxfiy hisoblanmaydi.

Dollar 12 500 so‘mga tushdi

dollar
29-iyul kuni dollar kursi qanchaga pasaydi / Foto: Depositphotos

Bugun, 29-iyul kuni dollar kursi 14,33 so‘mga pasayib, 12 500,01 so‘mni qayd etdi. Bu haqda Valyuta birjasi xabar bermoqda.

Shuningdek, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 129,22 so‘mga tushib, 14 471,26 so‘mni, rubl esa 4,45 so‘mga pasayib, 151,96 so‘mni tashkil qildi.

O‘zbekistonliklar to‘rt yil oldin 40 ming so‘mga xorijga parvoz qilgan — tahlil

Aviareys
Foto: matehavitaliy / depositphotos.com

2021-yili o‘zbekistonliklar 40 ming so‘m evaziga Toshkent – Antaliya yo‘nalishida parvoz qilgan. Bu haqda Aviasales.uz arxiv ma’lumotlarini Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Shuningdek, 2025-yilning eng arzon chiptasi Toshkent – Abu-Dabi yo‘nalishida qayd etilgan — 213 ming so‘m.

Kattaqo‘rg‘on shahri hududi kengaytirilishi mumkin

Foto: Yandex Maps

Yangi tartibga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahri tarkibiga Kattaqo‘rg‘on tumanidan 1 945 gektar, Nurobod tumanidan 971 gektar yer maydoni qo‘shiladi.

Bundan tashqari, Nurobod tumanining 600 gektar hududi Kattaqo‘rg‘on tumani tasarrufiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Xitoy O‘zbekistonda 500 mln dollarlik investitsiya fondini tashkil qiladi

Xitoy O‘zbekistonda 500 million dollarlik investitsiya fondi tashkil etadi. Foto: O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi

Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun $500 millionlik investitsiya fondini tashkil etishni taklif qildi. Bu haqda O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Otabekjon Nasritdinxodjayevning Xitoy tadbirkorlari assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qilindi.

Bloomberg: O‘zbekiston investitsiya jamg‘armasi banklar bilan xalqaro IPO bo‘yicha muzokaralarni boshladi

Foto: depositphotos.com

O‘zbekistonning $1,68 milliardlik aktivlarni boshqarayotgan milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) London va Toshkent fond birjalarida parallel IPO o‘tkazish bo‘yicha banklar bilan muzokaralarni boshladi.

Ayollar oʻrtasidagi Osiyo kubogi: Oʻzbekiston Xitoy va KXDR bilan bir guruhdan joy oldi

Foto: UFA

Avstraliyaning Sidney shahrida 2026-yilgi ayollar Osiyo kubogi uchun qur’a tashlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda 12 ta terma jamoa uchta guruhga boʻlindi.

«Toshkent» fond birjasi yarim yilda 11,2 mlrd so‘m sof foyda oldi

«Toshkent» fond birjasi yarim yilda 11,2 mlrd so‘m sof foyda oldi. Foto: «Toshkent» RFB

Bunday yuqori moliyaviy natijalarning keskin yaxshilanishiga fond birjasining umumiy tushumi 4,4 mlrddan 18,6 mlrd so‘mgacha oshishi, ya’ni yillik 320 foizga o‘sgani sabab bo‘ldi.

Qimmatli qog‘ozlar savdosining umumiy hajmi 12,02 trln so‘mni ($933,3 mln) tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 17 baravarga oshgan. Hisobot davrida jami 214 851 ta bitim tuzildi, ularning 85 foizi birja kotirovka varagʻiga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar orqali amalga oshirildi. O‘rtacha kunlik savdo hajmi 97,7 milliard so‘mni ($7,59 millionni) tashkil etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 28-iyulning muhim yangiliklari haqida yozgandi.