«Aeroflot» kiberhujumdan 3 mln dollar zarar ko‘rdi

Kecha, 28-iyul kuni Rossiyaning «Aeroflot» aviakompaniyasi axborot texnologiyalari tizimi tarixdagi eng jiddiy hujumlardan biriga uchradi. Natijada ushbu hodisa aviatashuvchiga $3 mlndan ziyodga tushdi. Bu haqda RBK nashri xabar berdi.
Kiberhujum sababi va oqibatlari
Hujum oqibatida «Aeroflot» birgina 28-iyul kuni 54 ta (borish-qaytish) reysni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Bu reyslar Moskva, Minsk, Yerevan, Qozon, Ufa, Olmaota va boshqa yo‘nalishlarga mo‘ljallangan edi. Mutaxassislar hisobiga ko‘ra, aviakompaniyaning bir kunlik bevosita yo‘qotishi 250 million rubl, ya’ni $3,1 mlnni tashkil etgan. Bunga IT-infratuzilmani tiklash xarajatlari, yo‘qotilgan daromadlar va yo‘lovchilarga to‘lanadigan kompensatsiyalar kiradi.
Yuzaga kelgan muammo dastlab «IT tizimida uzilish» deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, tez orada uning ortida Silent Crow va Cyber Partisans BY nomli xaker guruhlari turgani oshkor bo‘ldi. Ular kompaniya tarmog‘iga bir yil davomida kirishganliklarini aytib, uning ichki tizimlaridan 22 terabayt ma’lumotni yuklab olishgani, 7 mingga yaqin serverlarni yo‘q qilishganini e’lon qilishdi.
Kimlar va nima uchun hujum qildi
Mazkur hujumda ishtirok etgan guruhlar o‘zlarini Ukraina va Belarusdagi demokratiyani qo‘llab-quvvatlovchi faol kuchlar sifatida tanishtirgan. Ular «Rossiyaning harbiy agressiyasiga qarshi» raqamli javob chorasi sifatida bu hujumni amalga oshirganini aytgan.
«Faqat hukumat infratuzilmasiga tegdik, yo‘lovchilarga zarar yetkazish niyatimiz yo‘q edi», – deya qo‘shimcha qilishgan.
«Aeroflot»ning zaif joylari nimada edi
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Aeroflot» 2022-yilgacha AQShning Sabre tizimidan foydalangan. Keyinchalik sanksiyalar sababli Rossiyaning Leonardo tizimiga o‘tgan edi.
Mutaxassislarning fikricha, bir yil davomida xakerlar tarmoqqa kirib ishlashi — kompaniya ichki nazorati va xavfsizlik mexanizmlarida jiddiy bo‘shliqlar borligini anglatadi. IT mutaxassislari bu hodisani tizimli monitoringning sustligi bilan izohlashmoqda. Ayrimlar «Aeroflot»da hali ham xorijiy dasturiy ta’minotdan foydalanilayotganini ham ta’kidlashmoqda.
Rossiya hukumati qanday choralar ko‘rmoqda
Rossiya Bosh prokuraturasi ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan va tergov boshlab yuborilgan. Kreml vakili Dmitriy Peskov bu holatni «xavotirli» deb atab, davlatning strategik obyektlari raqamli himoyasi ustida ishlash zarurligini bildirgan.
Boshqa tomondan, Transport vazirligi aviakompaniyani asosiy yo‘nalishlarga, masalan, Kaliningrad, Sochi, Yevropa, Uzoq Sharq reyslarni saqlab qolish majburiyatini olgan. Boshqa reyslar esa vaqtincha qisqartirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan xakerlar hujumi «Aeroflot» aviakompaniyasi reyslarini izdan chiqargani haqida yozgandi.