AQSh va Xitoy bojlar bo‘yicha kelishuvni uzaytirish uchun muzokaralarni boshladi

AQSh va Xitoy rasmiylari Stokgolmda yangi savdo muzokaralarini boshladi. Ular boj mojarosini yumshatish va ikki davlat rahbarlari uchrashuviga yo‘l ochish maqsadida besh soatdan ortiq muzokara olib borgan. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Muzokaralar AQSh Moliya vaziri Skott Bessent va Xitoy vitse-premeri Xe Lifeng ishtirokida, Shvetsiya bosh vaziri ofisida bo‘lib o‘tdi. Ikki tomon 12-avgustgacha yangi tarif kelishuviga erishishga harakat qilmoqda.
Bu uchrashuv may va iyunda erishilgan vaqtinchalik kelishuvlar ortidan o‘tkazilmoqda. Kelishuvlar orqali o‘zaro tariflar va nodir Yer elementlari eksportiga qo‘yilgan cheklovlar yumshatilgan edi.

AQSh savdo vakili Jeymison Grir muzokaralardan katta natija kutmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar hozircha mavjud kelishuvlar bajarilishini nazorat qilmoqda. Ayniqsa, strategik minerallar oqimi va kelajakdagi barqaror savdo uchun asos yaratilmoqda.
Prezident Donald Tramp esa Shotlandiyada o‘tgan matbuot anjumanida Xitoyni o‘z bozorini ochishga chaqirdi. U Si Szinpin bilan uchrashuv bo‘lishi mumkinligini inkor etmagan. Bu uchrashuv oktabr yoki noyabr oylarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, AQSh Kongressi Xitoydagi inson huquqlari buzilishi, muxolifatga bosim va Tayvan bo‘yicha yangi qonunlarni muhokama qilmoqda. Bu esa muzokaralarni murakkablashtirishi mumkin.
Manbalarga ko‘ra, Tayvan prezidenti Lay Ching‑de avgust oyiga rejalashtirilgan AQSh safari rejalarini hozircha to‘xtatgan. Chunki bunday tashrif Xitoy tomonidan salbiy qarshi chiqishga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Avvalgi may va iyun oylarida Jeneva va Londonda o‘tgan muzokaralar tariflar darajasini tushirish va eksportni tiklashga qaratilgan edi. Ammo asosiy muammolar muhokama qilinmagan.
Mutaxassislar fikricha, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar boshqa mamlakatlardagidan murakkabroq va ko‘proq vaqt talab qiladi. Ayniqsa, Xitoyning nodir metallar va magnitlar bozoridagi ustunligi AQSh sanoatiga bosim vositasi sifatida ishlatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan AQSh Kongressi Xitoyga qarshi yangi qonun loyihalarini tayyorlayotgani haqida yozgan edi.